Turkiston-Amerika uyushmasi yaqinda o'zining 60 yilligini nishonladi. Yubileyga O'zbekiston diplomatlari ham qatnashib, vatandoshlarning AQShdagi birinchi jamiyatining ko'p yillik rahbari Abdulla Xo'jaga mamlakatning yuksak ordenini topshirdi.
“Do'stlik” ordeni hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash yo’lida salmoqli hissa qo’shgan fuqarolar va chet elliklarga beriladi.
1991-yilga qadar Turkiston-Amerika uyushmasi Markaziy Osiyo respublikalari ozodligini xalqaro miqyosda talab qilib kelgan yagona tashkilot edi.
Abdulla Xo'ja bu uyushmani uzoq yillardan beri boshqarib keladi. Ordenni unga O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov topshirdi.
“O'zbek-Amerika xalqlari o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo'lidagi xizmatlari uchun O'zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiston-Amerika uyushmasi prezidenti Abdulla Xo'jani vatanimizning yuksak unvoniga munosib deb topdilar”, - dedi elchi.
Abdulla Xo'ja Mirziyoyev tomonidan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan to'rtinchi amerikalik. Ungacha AQShning O'zbekistondagi sobiq elchisi Pamela Spratlen, Amerika-O'zbekiston Savdo Palatasi raisi Kerolin Lem hamda o'zbekistonlik rejissor Nabi Razzoqov bu mukofotga munosib ko'rilgan.
“Do'stlik” ordeni 1994-yil 5-mayda ta'sis etilgan.
Facebook Forum