NATO qo’shinlari Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, O’zbekiston roli oshib, G’arb e’tibori kuchaymoqda.
Yaqinda Toshkentda prezident Islom Karimov va AQSh davlat kotibi o’rinbosari Vilyam Berns uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlar muhokama etilgan edi, biroq asosiy masala Afg’oniston ekaniga shubha qilinmaydi.
Amerika rasmiysi Afg’oniston bobida O’zbekiston tutgan o’rin yanada kengayishidan manfaatdormiz, degan.
Karimov esa AQSh bilan munosabatlar izchil davom etib, hamkorlik rivojlanayotganidan mamnun. Hamkorlik asosan xavfsizlik sohasida. Inson huquqlari himoyachilari nazarida siyosiy aloqalarda xavfsizlikka e’tiborning kuchayishi inson huquqlarini e’tibordan siqib chiqarmoqda.
Jumladan, Vilyams Bernsning so’nggi tashrifi ham nisbatan silliq kechgani, haq-huquqqa o’ta urg’u berilmagani aytilmoqda.
Siyosatshunos Farxod Tolipov so’zlariga ko’ra:
“AQSh uchun inson huquqlari ikkinchi planga tushdi, degan fikrlarga unchalik qo’shilmayman, chunki o’zim ham ayrim Amerika vakillari bilan uchrashuvlarda bo’lganman. Har safar bu masala jiddiy qolayotganiga guvoh bo’laman. Bugun Afg’oniston juda dolzarb, lekin bu vaqtinchalik masala. AQShning mintaqaga nisbatan siyosatida inson huquqlari dolzarb qolaveradi. Shu ma’noda munosabatlar silliq kechadi, deb bo’lmaydi. Chunki bu masala ikki tomonlama munosabatlarda u yoki bu shaklda baribir ko’tarilaveradi”.
Farxod Tolipov so’zlariga ko’ra, O’zbekiston uchun ham, G’arb uchun ham Afg’onistonda vaziyatning qanday rivojlanishi juda muhim. Xavfsizlik mintaqada geosiyosiy raqib davlatlarni ham birlashishga majbur etmoqda.
“Hozir aniq aytish qiyin, 2014-yildan keyin qanday burilishlar bo’ladi. Albatta, geosiyosiy raqiblar ayni masalada murosaga borayotgani ijobiy holat. Lekin qo’shinlarni olib chiqishni ijobiy baholaydigan bo’lsak, bu urushdan maqsadga erishilmaganini ham ta’kidlab o’tish kerak”, - deydi Tolipov.
NATO qo’shinlari Afg’onistondan ketishida O’zbekiston asosiy “ko’prik” vazifasini o’tashi G’arbni rasmiy Toshkent bilan munosabatda o’zgarishlar qilishga majbur etgan.
Markazi AQShda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti mutaxassisi Stiv Sverdlovning aytishicha, Afg’oniston bois G’arb rasmiy Toshkent bilan inson huquqlari masalasida gaplashish majburiyatini unutgan.
“O’zbekistonda huquqiy vaziyat og’irlashib borar ekan, G’arb davlatlarida ham bu masalada bosim ko’rsatish kayfiyati yo’qolib borayotgani kuzatilmoqda”, - deydi Sverdlov.