Diniy erkinlik bo'yicha xalqaro komissiya AQSh Kongressiga yillik hisobotida butun Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistondagi vaziyatni og'ir deya baholab, Vashingtonni vaziyatni yaxshilash uchun real hissa qo'shishga undamoqda.
Biror respublikada adliya mustaqil emas, hukumatlar repressiv. Dindorlar dunyoviy tuzumlarni terrorizmdan asrash bahonasi bilan tinimsiz nishonga olinadi va ularning tergov va sud ishlari aksariyat hollarda adolatsiz va qonunga xilof ravishda kechadi, deyiladi tahlilnomada.
Bugun mintaqada minglab taqvodorlar oddiy huquqlaridan foydalanishga uringani, ya'ni hukumatni va amaldagi siyosatni savolga tutgani uchun qamoqda o'tiribdi, deya bildiradi komissiya. O'zbekistonda bunday mahbuslar soni 12 mingdan oshiq deya taxmin qilinadi.
O'tgan bir yil ichida qo'shni Tojikistonda dindorlarga nisbatan tazyiq oshib, Islomiy uyg'onish partiyasi yo'q qilindi. Yaqingacha parlamentda a'zolarga ega bo'lgan partiya bugun man etilgan va uning liderlari panjara ortida yo quvg'inda. Prezident Emomali Rahmon ularni aynan muxolif tomon ekani uchun nishonga oldi, biror jinoyat sodir etgani yoki bu haqda aniq isbot-dalil mavjud ekani uchun emas.
Ekstremizmga qarshi kurashda mintaqa rahbarlari islomiy partiya yoki doiralarga xavf manbai sifatida qaraydi va G'arb bilan hamkorlik qilishda ham shu siyosatga asoslanadi.
Vashington adolat uchun kurashayotgan tomonlarni quvvatlashi, oshkoralikka undashi va huquqbuzar tuzumlarni o'z qonunlariga ko'ra jazolashi lozim, deyiladi tahlilnomada.
Masalan, O'zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston alohida xavotirga molik davlatlar deya maxsus ro'yxatga kiritilgan. Biroq ularning birortasiga nisbatan chora ko'rilmaydi, chunki bu hukumatlar AQShning strategik maqsadlari yo'lida u bilan hamkorlik qilmoqda.
AQSh erkinlikni madh etuvchi diyor bo'lib qolishni istasa va dunyo ahli nazarida haqiqat va adolat uchun turib beradigan tuzum bo'lishni xohlasa, real qadamlar tashlashi kerak, deya undaydi Kongressga hisobot bergan tashkilot.
Komissiya "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" singari AQSh moliyasi bilan ishlaydigan axborot vositalari Markaziy Osiyo tillarida ko'proq va muntazam dasturlar va informatsiya uzatishini tavsiya qiladi. Mintaqada erkin matbuot yo'q. Jurnalistlarning imkoniyatlari cheklangan. Shunday ekan, xorijdan ma'lumot beradigan xolis manbalarni quvvatlashda davom eting, deyiladi Amerika qonunchilariga uzatilgan tahlilnomada.
Bunday tanqidiy hisobotlarga Markaziy Osiyo hukumatlari odatda bevosita javob bermaydi, lekin mintaqa rasmiylari muzokaralarda va uchrashuvlarda komissiyasini "noxolis" taraf deya ta'riflashadi.
Har bir mamlakat o'ziga xos murakkab jamiyat, o'ziga xos omil va tahdidlar bilan yuzlashayotgan va o'z siyosiy tajribasidan kelib chiqqan holda qadam tashlayotgan davlatlar, deydi hukumatlarning oldini oluvchi mutaxassislar. Komissiyaning javobi esa shunday: uzviy huquq va erkinliklar - umumbashariy; adolatsizlik va huquqbuzarlik har bir jamiyatda bir xil, ya'ni fuqaroni ezuvchi kuch.