Breaking News

HRW: O'zbekiston hukumati qay yuz bilan matbuot erkinligini tantana qildi?


AQSh Davlat departamenti 3-may Xalqaro matbuot erkinligi kuni munosabati bilan qilgan bayonotida dunyoda so’z erkinligi hamon ta’qib ostida qolayotganligini ta’kidlar ekan, O’zbekistonda 1999-yildan beri qamoqda o’tirgan jurnalist Muhammad Bekjon taqdiriga ham to’xtab o’tadi. Bekjon panjara ortidagi bir guruh mustaqil jurnalistlardan biri. Shunday sharoitda O’zbekiston hukumati xalqaro matbuot kunini tantana qilishi uyat, deya izohlaydi huquq himoyachilari.

O'zbekistonda matbuot erkinligini nishonlash uyatmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:10 0:00

3-may kuni davlat nazoratidagi axborot vositalarida ishlayotgan jurnalistlarga turli mukofotlar berildi. Qamoqdagi 10 ga yaqin jurnalist esa eslanmadi. Bu insonlarning ayrimlari yaxshi tanilgan, boshqalari esa ko’pchilikka notanish, ammo ularning hammasi aynan senzura tizimini buzganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan.

“Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkilotining O’zbekiston bo’yicha eksperti Stiv Sverdlov bu jurnalistarning hammasini siyosiy mahbuslar deb hisoblaydi.

“Biz O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar sonini 10 ming atrofida deb taxmin qilamiz. Ular ichida jurnalistlar ozchilik, lekin ularning ayrimlari juda uzoq yillardan buyon qamoqda saqlanmoqda. Muhammad Bekjondan tashqari Dilmurod Sayyid, Solijon Addurahmonov, G’ayrat Mixliboyev bor. “Irmoq” jurnali xodimlari Botirbek Eshqo’ziyev, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Davron Tojiyev, Ravshanbek Baqoyev ham ayanan jurnalistik faoliyati uchun qamalgan, qiynoqlarga va tazyiqlarga tutilgan. Dilmurod Sayyid sil kasaliga chalingan. Qoraqalpog’istonda ishlagan dovyurak jurnalistlardan biri Solijon Abdurahmonovning ahvoli ham o’gir. Ular hammasi zudlik bilan ozod etilishi kerak. Biz Davlat departamentining bu boradagi talablarini susaytirmaslikka chaqiramiz”, - deydi Stiv Sverdlov.

Hukumatga bosim o’tkazish kerak, toki Prezident Islom Karimov repressiv siyosat xalqaro maydonda qabul qilinmasligini bilsin, deydi Sverdlov.

AQSh Davlat departamenti xalqaro matbuot erkinligi kuni arafasida O’zbekiston rahbariyatini qamoqdagi jurnalistlarni ozod etishga chaqirdi.

Muhammad Bekjon 1999-yilda Toshkentdagi portlashlarga aloqadorlik aybi bilan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U sudda o’ziga qo’yilgan ayblarning barchasini inkor etgan. Bekjon muxolifat gazetasi “Erk” bosh muharriri edi.

2011-yilda unga nisbatan jazo muddati uzaytirildi. Bu vaqt mobaynida uning sog’lig’i keskin yomonlashgan. Mahbusning oilasi u bilan uzoq davrdan beri ko’rishmagan.

Muhammad Bekjon so’z erkinligi bo’yicha bir nechta nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan va uning ozodlikka chiqishini talab qilib xalqaro miqyosda kampaniyalar olib borildi.

“Muhammad Bekjon bilan bog'liq vaziyat juda ayanchli. Amaldagi muhlati shu yilning kuziga borib tugashi kerak, agar bu muddat yana uzaytirilmasa. Shunday bo’lsa agar, bu fojia. Bekjon taqdiri doimiy diqqatimizda. Bizdagi so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, qamoqda jurnalistga nisbatan munosabat yaxshi tomonga o’zgargan. Bu albatta oz bo’lsa-da, umid uyg’otadi”, - deydi HRW vakili Stiv Sverdlov.

“O’zbekistonda so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat juda og’ir, ammo Karimov baribir erkin fikrni mutlaq to’sish qudratiga ega emas. Erkinlikka chanqoq odamlar muhokamani davom ettirish imkoniyatini topishadi. Hukumat shunday bir sharoitda so’z erkinligi kunini tantana qilishdan uyalishi kerak, ayniqsa, Mudammad Bekjon, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid kabi jurnalistlar qamoqda saqlanayotgan bir paytda. Mana yaqinda Ozarbayjonda 15 nafar siyosiy mahbus ozod qilindi, nega O’zbekiston prezidenti undan o’rnak ololmaydi?” - deydi Sverdlov.

O’zbekistonda mustaqil axborot vositalari yo’q. Hukumat matbuot erkin deya bong urib, bunga misol tariqasida mustaqillik yillarida nashrlar, telekanal va radiolar soni ko'payganini ro’kach qiladi.

Haqiqatda esa xalq dardini, tub muammolarni ko’tarib chiqadigan, hukumatni savolga tutadigan vosita yo’q va bunga intilgan jurnalistlar xavfsizlik organlari tomonidan nishonga olinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG