Breaking News

O'zbek ayoli yelkasidagi yuk bugun yanada og'irlashgan


Qo'qon yaqinidagi qishloqda, O'zbekiston
Qo'qon yaqinidagi qishloqda, O'zbekiston

O’zbekiston xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan tabriklagan Islom Karimov "Sog’lom ona va bola yili" uchun 7 trillion so’mdan ortiq mablag’ ajratilganini, ayollar huquqini ta'minlash davlat siyosati darajasiga ko’tarilganini qayd etdi. Lekin xotin-qizlar mamlakatdagi eng zaif va himoyasiz qatlam bo’lib qolmoqda.

O'zbekistonda xotin-qizlar ko'p jihatdan hamon himoyasiz qatlam
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:01 0:00

Bir qarashda o’zbek ayollari ijtimoiy-siyosiy yo’nalishlarda mamlakatda ham, xorijda dam faol. Tirikchilik deb chet elda mehnat muhojiri bo’lib yurganlar orasida ayollar erkaklar bilan bir qatorda. Vatanda qolganlar ham bir amallab kun ko'rishga, o'zi pul topib, oilasini boqishga harakat qiladi. Ular azaldan jamiyatning mehnatkash, zahmatkash a'zolari.

Ammo bugungi manzara o’zbek ayolining huquqi, ijtimoiy maqomi mustahkamlanib borayotganidan emas, aksincha ular tobora ijtimoiy muammolar girdobiga tortilib borayotganidan darak, deydi vaziyatni kuzatib kelayotgan faollar.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar klubi” inson huquqlari tashkiloti rahbari Mo’tabar Tojiboyeva:

“Xotin-qizlarimiz, onaxon, opaxon, singillarni barchasini bayram bilan tabriklayman. Men ularga adolatsizlikdan ko’zlarida yosh bo’lmaslikni tilayman. Ming afsuski, bugun O’zbekiston sharoitida haq-huquqlari eng ko’p buzilgan fuqarolar ayollar bo’lib qolmoqda. Diniy ekstremizm, ISHIDga aloqadorlik bilan qamalayotganlarning ayollari bolalari bilan yolg’iz qolib ketayapti. Ular o’z bolalari, turmush o’rtoqlarining huquqlarini himoya qilishdan ham mahrum. Bundan tashqari diniy libosdagi ayollarimizga nisbatan tazyiqlar to’xtamayapti. Men O’zbekiston ayollarini haqiqiy ozodlikka erishishlarini orzu qilaman”, - deydi Tojiboyeva.

Yolg'iz ayollarga yordamni oshirish kerak, deydi faollar
Yolg'iz ayollarga yordamni oshirish kerak, deydi faollar

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan yana bir tashkilot Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasini ham o’zbekistonlik ayol Nadejda Atayeva boshqaradi.

“Fursatdan foydalanib barcha ayollarni bayram bilan qutlamoqchiman. 8-mart ayollar birligini ifodalovchi bayramligi bilan ham ahamiyatli. Bugun ayollar nafaqat inson huquqlari, siyosatda yoki boshqa sohalarda ham faol va shunday bo’lishi kerak. Bu esa muammolarda xoli emas, ayniqsa o’zbek jamoatchiligi misolida. Men oilaviy zo’ravonlik, ayollarga nisbatan kamsitish holatlarini nazarda tutayapman”,- deydi Atayeva.

Huquq himoyachisiga ko’ra, o’zbek ayollari tortilgan muammolar nafaqat oiladagi zo’ravonlik va kamsitilish kabi holatlarda, balki yolg’iz onalar, turmushida ajragan ayollarga nisbatan shakllangan ijtimoiy munosabatda ham ko’rinadi.

“Bunday munosabat esa bolalarimizga ham ta’sir etadi. Ayol bunday holatlarda o’z oilaviy sharoitini jamoatchilikdan yashirishga majbur. Hukumat bu qatlamdagi ayollarni himoyalash uchun yordam ko’rsatmaydi, biror dasturga ham ega emas”, -deydi Atayeva.

Mo’tabar Tojiboyeva nazarida mamlakatdagi og’ir ijtimoiy-siyosiy vaziyatning yuki aksariyat hollarda o’zbek ayollari zimmasiga tushmoqda. Davr o’zbek ayolining qiyofasida o’zgarishlar qilayapti.

“Albatta o’zbek ayoli deganda birinchi navbatda tasavvurimizga munis, o’z oilasi, farzandiga sadoqatli ayol keladi. Ammo, so’nggi paytlarda kuzatilayotgan o’zgarishlarni ham nazardan qochiqmaslik kerak. Mamlakatdagi og’ir iqtisodiy sharoit tufayli o’z tanasini sotib tirikchilik qilishga majbur bo’layotgan o’zbek ayollar ko’payib borayotgan ekan, buning uchun amaldagi hukumat, jamiyat aybdorlikni o’z zimmasiga olishi kerak”, - deydi Tojiboyeva.

Hukumatga ko'ra, O'zbekiston ayollari bugun har qachongidan faol
Hukumatga ko'ra, O'zbekiston ayollari bugun har qachongidan faol

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qayd etishicha, “Sog’lom ona va bola” yili munosabati bilan xotin-qizlar salomatligi, ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadiga 7 trillion so’mdan ortiq mablag’ sarflanadi. Davlat rahbari respublikada har bir ayol qonun tomonidan himoyalanadi va uning farovon yashashi uchun hukumat barcha chora-tadbirlarni ko’rmoqda, deb keladi.

Amaldagi siyosat tanqidchilari fikricha esa aholi haqiqatni biladi. Haqiqat shuki, deydi ular, xotin-qizlar ishlagan taqdirda ham maoshga kun ko’ra olmaydi. Natijada ular oilalarni ortda qoldirib, xorijga chiqadi. Ruxsatsiz, hujjatsiz pul topishga majbur. Oilalarning bo’linib ketishi, buzilishi natijada esa nafaqat ayollar, balki erkaklar va bolalar uchun ham hayot yanada mushkullashadi.

8-mart arafasida Moskvada yuz bergan voqea hammani dahshatga soldi. Rossiya poytaxtida enaga bo’lib ishlagan o’zbekistonlik ayol Gulchehra Boboqulova to’rt yashar rus qizini vahshiylarcha o’ldirganlikda ayblanmoqda. Xonadonga o’t qo’yganlikd ham gumon qilinmoqda.

Boboqulova ruhan xasta inson, uch bolaning onasi, ikki bor tushmush qurgan, Samarqanddan kelib ruxsatnomasiz ishlab yurgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG