Breaking News

Amerikadagi o'zbeklar: Avloddan avlodga o'tib kelayotgan gashtak


Amerikadagi o'zbeklar: Avloddan avlodga o'tib kelayotgan gashtak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:53 0:00

Ajdodlari O'zbekistondan bo'lsa-da, ular uchun Turkiya ona vatanga aylangan. O'ta-bobolari eski Turkiston, hozirgi Markaziy Osiyo respublikalari ozodligi uchun kurashgan. Ana shu vatandoshlar bugun otalari o'z yurti, O'zbekistondan olib chiqqan qadriyatlarni Amerikada ulg'ayayotgan yangi avlod muhojirlar bilan bo'lishmoqda. Gashtak, osh damlab o'tkaziladigan ziyofat, "gap" shular jumlasidan.

"Amerika Ovozi" Nyu-Jersida istiqomat qiluvchi, Turkiyadan kelgan o'zbek immigrantlari jamiyatida uyushtiriladigan gashtaklarning birida bo'ldi.

Nyu-Jersi. Xonada Sherali Jo'rayev kuyi yangramoqda. Dasturxonda o'zbek va turkcha taomlar.

Devorlaru shiftda eng ko'pi Turkiya bayrog'i, mashhur turk futbol jamoalari ramzlari, Turkiyaning siyosatchilari rasmlari o'rin olgan. Ora-orada AQSh, Turkiya va O'zbekiston bayroqlari, Markaziy Osiyodan keltirilgan suvenirlar ko'zga tashlanadi. Ularni xonadon mehmonlari hadya etishgan. Ana shu ramzlar yillar davomida yig'ilgan. Ular Bahri Choklarga vatanidan esdalik. U kabilar uchun O'zbekiston ota yurt, Turkiya va Amerika ona vatan.

Bahri aka Stalin qatag'onlaridan qochib Afg'onistonga, so'ngra Pokistonu-Hindistonga hijrat qilgan, yillar davomida Turkiyada qo'nim topgan, 60-70-yillarda esa Amerikaga ko'chib kelgan ikkinchi avlod o'zbekistonlik muhojirlar farzandi. Bugun bu garajda xuddi O'zbekistondagidek gashtak o'tmoqda.

"Hammamiz bu yerda xeshmiz (qarindosh). 45 yildirki bir-birimiz bilan oshnamiz. Kichkinaligimizdan, ba'zimiz Turkiyadan, ko'pchiligimiz shu yerda birga katta bo'lganmiz. Har oy, taqriban 10-15 yildirki shu gashtakni qilamiz. Avallari har zamonda uchrashardik, xolos. Mana 5-6 yildirki mening garajimda har oy bir kishi gashtak qilib beryapti. Ovqat olib keladi, ko'rganingizdek Qur'on o'qiymiz, suhbat qilamiz, askiya aytamiz", - deydi Bahri Choklar.

Gashtakni bu gal Ekrem Hilal uyushtirmoqda. Unga bu yerdagi muhit kichik Turkiyani eslatadi, chunki ota yurti O'zbekistonda hech qachon bo'lmagan.

"Biz milliy taomlardan osh, qovurma pishirib kelamiz. Maqsad osh emas, diydorlashuv, bir joyda yig'ilish", - deydi u.

Chindan, suhbat va hazil-mutoyibalar ham bu yerda asosan turk tilida bo'ladi. Ular uchun Turkiya ikkinchi vatanga aylangan. Bahri Choklar 58 yoshda. Uning uch o'g'li Amerikada tug'ilib ulg'aymoqda. 32 yashar Irfan, 30 yashar Ibrohim va 22 yashar Ilhan bugun kattalar xizmatida. Turkiyada tug'ilgan Bahri aka ham o'zbek erkaklariga xos fe'l-atvorning anchasini ota-bobolaridan, gashtaklarda non-choy tashib o'rgangan. Endi bu urf-odatlarni gashtak vositasida yoshlarga va eng asosiysi o'z o'g'illariga o'rgatishni istaydi.

"Biz buni kattalarimizdan ko'rdik. Dedikki biz ham qilaylik, har oy. Mendan keyin o'g'illarim ham qiladi. Eng kichik o'g'lim har oy emas, ikki oyda bir oshnalari bilan o'tirishadi. Men kabob qilaman, ovqat tayyorlayman, xonimim osh pishiradi, o'zlari ham ovqat olib kelishadi. 15 o'g'il-qizlar o'tirishadi, choy ichishadi, suhbat qilishadi", - deydi Bahri Choklar.

Yoshlarga milliy urf-odatlarni o'rgatish gashtakning har bir a'zosi uchundolzarb muammolardan. Burxan Okuyan - gashtak a'zosi:

"Farzand tarbiyasi ko'p qiyin. Qiyin tarafi shuki, bolalar o'qishga boradi, o'qigandan keyin tushunchalari, fikri boshqa bo'ladi. Bunday tushunchalari bilan o'ziga mos odamlarni topishi biroz qiyin bo'ladi. Men o'z hamshahrimga uylanganman. Ikkita farzandim bor. Lekin bundan keyingi naslga biroz qyin bo'lyapti. Qizim amerikalikka uylangan. O'g'limni hali bilmayman nima qiladi. U hali uylangan emas”.

Farhod Yashar deydiki:

"Urf-odatni saqlash biroz qiyin bo'lsa-da, urfimizni, tilimizni saqlash uchun uyda o'z tilimizda gaplashamiz, yerda dasturxon yozib ovqatlanamiz. Osh, manti, qovurmani haftada bir, juda bo'lmasa ikki haftada bir pishiramiz. Bola-chaqa bilan o'tirib yeymiz".

"To'y qilish qiyin. Bolalarimizga tayinlaymiz - o'zimiznikidan boshqasi bilan turmush qurmagin! O'zbek bo'lsin, musulmon bo'lsin, turk bo'lsin, afg'on bo'lsin, O'zbekistondan kelgan bo'lsin. Biz shuni quloqlariga quyamiz. Kelinlarimning bittasi o'zbek, ikkinchisi turk", - deydi Bahri Choklar, gashtak o'tadigan joy egasi.

Gashtakchilarning yana bir armoni - davr va zamon ularni O'zbekistondan uzoqlashtirgan. Shuning uchun bu gashtakda ham hozirgi O'zbekistondan kelganlarni ko'rmaysiz. Farhod Yasharga ko'ra, boisi ularning umumiy kechinmalari yo'q.

"Turkiyadan kelgan hamshahar bo'lsa, biz unga yaqin bo'lamiz. O'zbekistondan kelgan hamshaharlarmi, ular ham bir-biriga yaqin bo'ladilar. Chunki ular bir joydan, ularning umumiy kechinmalari bor", - deydi Farhod Yashar.

Biroq bugungi yangi davr turli to'lqindagi muhojir vatandoshlar birlashuviga imkon bergandek. O'zbekiston bilan bordi-keldi yaxshilangan, garaj tokchalarida O'zbekistondan keltirilgan sovg'alar ko'paymoqda. O'zbekistonni borib ko'rish istagi ham eski turkistonliklarda yana kuchaygan.

Burxan Okuyan bugun barchaning boshiga vodiy do'ppilarini kiygizdi va uni vatandoshlar ziyofat so'nggigacha yechmadilar.

Grin karta yutib Amerikaga kelayotgan o'zbekistonliklar ham ko'paygan.

“Bu yer Amerika. Amerika desangiz, Turkiyadan ham, Arabistondan ham, dunyoning hamma joyidan odamlar kelaveradi. Bu yerda hayot (kechirish) oson, pulining qurbi baland, hayot Turkiyadan, mamlakatdan, Afg'onistondan, Arabistondan, umuman hamma joydan ancha yaxshiroq. Bu yerda hamma hur, har kim istaganini qiladi, har kim istagan tilida so'zlashadi. Hech kim nimaga bu do'ppini taqding, nimaga bunday kiyingansan, nimaga boshqa tilda so'zlashyapsan demaydi”, - deydi Bahri Choklar.

Bahri akaning garaji bugun yana milliy sovg'alar bilan boyidi. Uning birini u tokchaga qo'ysa, ikkinchisini boshiga kiydi. Eng muhimi bularni uning o'g'illariko'rishdi. Demak, uning xonadonida yana bir avlod vakillari uchun O'zbekiston degan o'lka hali begona emas.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG