Breaking News

O'zbekistonliklar Vashingtonda yangi prezidentga ovoz berdi


O'zbekiston elchixonasi qoshida tashkil etilgan saylov uchastkasi, Vashington shahri, 4-dekabr, 2016-yil
O'zbekiston elchixonasi qoshida tashkil etilgan saylov uchastkasi, Vashington shahri, 4-dekabr, 2016-yil

Yakshanba kuni O’zbekistonda muddatidan erta o’tgan prezident saylovlarining natijalari aniqlandi. Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, to’rt nomzoddan biri, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 88,61 foiz ovoz bilan g’alaba qozonib, mustaqil O’zbekiston tarixida Islom Karimovdan keyin ikkinchi prezident bo’ldi. Liberal-demokratik partiyadan nomzodi ko’rsatilgan Mirziyoyevga saylovchilarning salkam 16 millioni ovoz bergani aytiladi. Ikkinchi o’rin Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonovga nasib etdi. Yana ikki nomzod u bilan deyarli bir xil ovoz to’plagan.

Saylov natijalari ma’lum qilingach, Mirziyoyev namoyishda so’zga chiqib, saylovchilariga minnatdorchilik bildirdi, poygada qatnashgan raqiblarini olqishladi.

O’zbekistondagi saylovlarni kuzatgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi bayonotiga ko’ra, saylov komissiyasi oldingiga qaraganda ishini yaxshi bajargan, ammo umuman olganda O’zbekiston saylovlariga haqiqiy raqobat, siyosiy plyuralizm yetishmaydi.

“Idoramizning oldingi saylovlarda bergan tavsiyalari inobatga olinmagan, fundamental erkinliklarga jiddiy cheklovlar qo’yilgan”, deydi kuzatuvchilar missiyasi rahbari elchi Piter Teyler.

Unga ko’ra, rasmiylar muammolarni bartaraf etishga tayyor ekanini bildirmoqda.

Yakshanba kuni saylovlar nafaqat O’zbekistonda, balki O’zbekistonning xorijdagi elchixonalarida ham tashkil etildi. “Amerika Ovozi”, jumladan, Vashingtondagi elchixonada jarayon qanday o’tganini kuzatdi.

So’nggi yillarda o’tkazilgan saylovlarda bu qadar ko’p odam ovoz bermagan edi. O’zbekistonda so’nggi kunlarda Mirziyoyevning islohotlar sifatida qabul qilingan ayrim ishlari umidlar, shavq va zavq bilan qarshilandi. Biroq bunga ehtiyotkorlik va shubha bilan qarayotganlar Islom Karimov ham prezidentligining ilk yillarida shunday bo’lganini eslatishadi.

Quyida Vashingtondagi elchixonada o’tgan saylov manzarasini aks etgan video lavha bilan tanishing.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG