Bugun AQSh, Yevropa va Rossiyada G'alaba kuni nishonlanmoqda. 1945-yili natsistlar Germaniyasi taslim bo'lib, Ikkinchi jahon urushiga yakun yasalgan kun.
Britaniya bo'ylab bugun xotira marosimlari, konsertlar o'tmoqda. Poytaxt Londonda ikki ming urush faxriysiga dasturxon yoziladi.
Fransiyada Prezident Fransua Olland noma'lum askar qabriga gulchambar qo'ydi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham G'alaba kunini Parijda nishonlayapti.
Ikkinchi jahon urushi g'alabasining 70 yilligi tantanalariga Moskvaga 25 davlatdan, jumladan, Xitoy va Hindistondan, rahbarlar tashrif buyuradi. Qizil maydonda o'tkaziladigan harbiy parad eng yirigidir.
Ukraina yuzasidan davom etayotgan ziddiyatlar va mojaroda Rossiyaning qo'li borligi haqidagi da'volar sabab Moskvadagi tantanalarga G'arb mamlakatlaridan, asosan, elchilar qatnashadi.
Qo'shma Shtatlarda ham G'alaba kuniga bag'ishlangan xotira marosimlari o'tmoqda. Vashingtondagi Ikkinchi jahon urushi yodgorligi do'stu-birodarlarini xotirlayotgan veteranlar bilan gavjum. Poytaxt uzra 1940-yillar rusumidagi samolyotlar uchib o'tadi.
Prezident Barak Obamaning aytishicha, o'z hayotini xavf ostiga qo'yib, tinchlikka zamin yaratgan, biz tinch hayot kechirishimiz uchun jonini fido qilgan ana shu avloddir.
Ikkinchi jahon urushida 60 million odamning yostig'i qurigan. 1941-yilning 8-mayida Yevropa qit'asida urush yakunlangan bo'lsa-da, janglar yana uch oy, Yaponiya taslim bo'lguncha davom etgan.