Qo’shma Shtatlar Venesuelaga to’liq iqtisodiy embargo e’lon qilishi ketidan AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jon Bolton Prezident Nikolas Maduro hukumatini qo’llab-quvvatlayotganlarga ham sanksiya qo’llaymiz, demoqda. Maduro hukumati AQShning jazo choralari jiddiy tajovuz va siyosiy muloqotga zarar ekanini aytmoqda.
Peru poytaxti Limadagi sammitda qatnashgan Jon Boltonning aytishicha, Maduro hukumati bilan ish qilayotganlar ehtiyot bo’lishi kerak, chunki Amerika ularga sanksiya qo’llashga tayyor.
“Venesuela hukumati bilan hamkorlik qilayotgan, unga yordam berayotgan, qo’llab-quvvatlayotgan xorijiy davlatlar, kompaniyalar, shaxslarga nisbatan jazo choralari qo’llaniladi. Maduro rejimining hokimiyatda qolishiga hissa qo’shayotgan barchaga nisbatan”, - dedi Bolton.
Venesuela bo’yicha xalqaro anjumanda qatnashgan AQSh rasmiysi jahon rahbarlarini Maduroni hokimiyatdan chetlatish uchun qattiqroq chora ko’rishga chaqirdi.
Venesuela muxolifati rahbari Xuan Guaydo hukumatga qarshi choralarni olqishladi. AQSh va yana 50 dan ortiq mamlakat Guaydoni qonuniy prezident deb tan olgan.
Maduro hukumatiga ko’ra, AQShning yangi iqtisodiy embargosi Venesuelani iqtisodiy, moliyaviy va tijoriy qamalga olishdek jinoiy harakatni qonuniylashtirishga va oddiy xalqni bo’g’izlashga qaratilgan.
Facebook Forum