Venesuelada 28-iyul kuni o’tgan prezident saylovida amaldagi rahbar Nikolas Maduro va muxolifatdan nomzod Edmundo Gonsales g’alaba qozonganini da’vo qilarkan, AQSh va Braziliya prezidentlari qayta saylov o’tkazishga chaqirmoqda.
Qo’shma Shtatlar uchinchi muddatga saylanganini da’vo qilayotgan Maduroning g’alabasini tan olgani yo’q. Ekzitpol natijalari saylovda Gonsales yutganiga ishora qilgan.
Braziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silva yangi saylov o’tkazib, unga xalqaro kuzatuvchilarni chaqirishni taklif etdi.
"Maduroning prezidentlik muddati tugashiga olti oy qoldi. Yanvar oyida prezidentligi tugaydi. So’nggi saylov natijalari qanday bo’lishidan qat’i nazar, u hozir respublika prezidenti. Aqli bo’lsa, yangi saylov o’tkazadi, barcha nomzodlar uchun bir xil talablar qo’yadi”, - deydi Braziliya rahbari.
Lula da Silva koalitsion hukumat tuzish yana bir yechim, deydi. Biroq muxolifat yangi saylov o’tkazilishiga qarshi.
"28-iyul kungi g’alabani tan olmaslik o’z fikrini bildirgan Venesuela xalqini hurmat qilmaslik degani. Xalq xohishini hurmat qilish kerak. Saylov bo’lib o’tdi”, - deydi muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado.
Prezident Maduro ham yangi saylov o’tkazish g’oyasiga e’tiroz bildirdi.
“Qo’shma Shtatlarning Venesuela uchun saylov komissiyasi bo’lish harakatiga qat’iyan qarshiman. Ular o’zlaridagi muammoga qarasin. Donald Tramp saylovda unga to’g’ri kelmaydigan natijani qabul qilmasligini aytyapti. O’z muammolari bilan shug’ullanishsin”, - deydi Maduro.
Payshanba kuni Venesuela parlamenti hukumatga nodavlat tashkilotlarni qattiqroq nazorat qilishga imkon beruvchi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi.
Nodavlat tashkilotlar endi faoliyati uchun mablag’ qayerdan kelayotganini oshkor etishi kerak bo’ladi.