Venesuelada yakshanba kuni norasmiy referendum o’tkazilib, unda yetti milliondan ziyod fuqaro qatnashdi. Muxolifat tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbirda ovoz berganlarning 98 foizi Prezident Nikolas Maduro iste’fosini talab qildi.
Saylovchilar prezident tomonidan taklif etilgan yangi qonunchilik organiga qarshi ekanini bildirib, armiyadan konstitutsiyani himoya qilishni so’radi, erta prezident saylovlariga chaqirdi.
"Referendumda shuncha odamning qatnashgani aholining hozirgi vaziyatdan norozi ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi fuqarolardan biri.
Jahon bozorida neft narxi tushishidan neftga boy Venesuela iqtisodiyoti jiddiy zarar ko’rdi. So’nggi oylarda deyarli har kuni hukumatga qarshi namoyishlar bo’lib o’tmoqda.
Maduro yakshanba kungi ramziy referendumni konstitutsiyaga zid deb, natijasini tan olishdan bosh tortdi. 30-iyul kuni yangi parlament bo’yicha rasmiy referendum o’tkaziladi. Bu organ konstitutsiyani qayta yozib, davlat idoralarini tarqatish vakolatiga ega bo’ladi.
Maduroga ko’ra, konstitutsiya o’zgarsa, mamlakatni chuqur iqtisodiy va ijtimoiy inqirozdan chiqarish osonlashadi. U muxolifatni tinchlik muzokaralarining yangi davrasini boshlashga chaqirdi.
Biroq oppozitsiya Maduro yangi parlamentni o’ziga moslab olishidan xavotirda.
Facebook Forum