Venesuela va AQSh munosabatlari sovuqlashar ekan, Karakas Vashingtondan elchixonasi xodimlarini qisqartirishni talab qilib, ikki hafta muhlat bergan.
Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Delsi Rodrigez Amerikaning bu mamlakatdagi bosh diplomati bilan uchrashuvdan so'ng shu haqda e'lon qilgan. AQSh elchixonasida 100 ga yaqin xodim ishlaydi, ularning soni 17 taga tushirilishi kutilmoqda.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro shanba kuni AQShni uning sotsialistik hukumatiga qarshi fitnada ayblab, Amerikaning diplomatik vakolatxonasini kichraytirishni buyurgan. Bundan tashqari amerikalik sayyohlarga viza talablari oshiriladi.
Maduro AQSh josuslari qo'lga olinganini da'vo qilmoqda. Venesuela rahbari Qo'shma Shtatlarni o'z davlat ichki ishlariga aralashayotganlikda tez-tez ayblab turadi.
O'tgan hafta Venesuelada amerikalik to'rt missioner qo'lga olinib, mamlakatdan chiqarib yuborilgan.