Breaking News

Venesuela: Guaydo harbiylarni isyonga da'vat etdi


Poytaxt Karakas ko'chalari
Poytaxt Karakas ko'chalari

Venesuelaning sotsialist hukumati tarqatgan xabarga ko'ra, poytaxt Karakasda "davlat to'ntarishiga urinish" yuz bermoqda. Muxolifat yetakchisi va AQSh qo'llab-quvvatlovini olgan Xuan Guaydo esa Prezident Nikolas Maduroni ag'darishga qaratilgan harakatlar endi to'xtamasligini aytmoqda.

Poyaxt ko'chalari namoyishga chiqqan minglab odamlar bilan to'lgan. Maduroga sodiq kuchlar odamlarga qarata suv purkamoqda. Ayrim hududlarda otishma ovozlari ham yangragan.

"Bugun konstitutsiyani himoya qilayotgan jasur askarlar, jasur vatanparvarlar va jasur kishilar bizning chaqiriqqa labbay deb javob berdi", - dedi "Twitter" orqali Guaydo.

"Hozir ayni vaqti. Mamlakatning 24 shtati shu yo'ldan yurdi, ortga qaytish yo'q, kelajak bizniki. Xalq va qurolli kuchlar zulmni to'xtatish uchun birlashdi", - deya qo'shimcha qildi u.

Bunga javoban Maduro "Twitter" orqali barcha qurolli kuchlar unga sodiq ekanini e'lon qildi. "Biz g'alaba qozonamiz", - deb yozdi u.

Guaydo esa harbiylar xalqqa qo'shilganini da'vo qilmoqda.

Harbiy baza yaqinida Maduro kuchlari va namoyishchilar to'qnashgan. Askarlar yig'ilganlarga qarshi ko'zdan yosh oqizuvchi gaz qo'llagan.

Guaydo o'z chiqishida uy qamog'ida saqlangan yana bir muxolif siyosatchi Leopoldo Lopez bilan ko'rinish bergan. Uning aytishicha, xalqqa qo'shilgan askarlar Lopezni ozod qilgan.

Lopez "Twitter"ga harbiy kiyimdagi odamlar bilan birga tushgan suratini joyladi.

Venesuela Mudofaa vaziri Vladimir Padrino hammasi nazorat ostida ekanini, armiya Maduroni "qattiq himoya qilishini" yozdi.

So'nggi yillarda Venesuelada yuz bergan iqtisodiy inqiroz ortidan mamlakatda oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi paydo bo'lgan. Ko'plab G'arb davlatlari, xususan, AQSh Xuan Guaydoni muvaqqat prezident sifatida tan olgan bo'lsa, Rossiya va Xitoy Maduroni qo'llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.

Oq uyning xabar berishicha, AQSh Venesueladagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va Prezident Donald Tramp voqealardan xabardor.

Davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh Venesuela xalqining ozodlik kurashini to'la qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jon Bolton ham Venesuela armiyasini xalqni himoya qilishga chaqirib, mamlakatdagi vaziyatni o'nglash uchun barcha choralar nazardan qochirilmayotganini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG