Breaking News

Vitse-prezidentlikka nomzodlar o'rtasida debat nega muhim?


Kecha AQShning Yuta shtatidagi Solt Leyk Siti shahrida vitse-prezidentlikka ikkita asosiy nomzod respublikachi Mayk Pens va demokrat Kamala Harris yagona teledebatda bellashdi. Pens amaldagi vitse-prezident, Harris esa Kaliforniya shtatidan AQSh senatori.

Xalqaro hayot – 8-oktabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:25 0:00

Demokrat nomzod o’tgan hafta koronavirus yuqtirib, hafta boshida kasalxonadan chiqqan Prezident Donald Trampning epidemiyaga qarshi siyosatini tanqidga oldi.

“Amerika xalqi mamlakatimiz tarixida prezident ma’muriyatining eng katta muvaffaqiyatsizligi qanday bo’lishini ko’rdi”, - dedi u.

Pensning aytishicha, Tramp yanvar oxirida koronavirus manbasi bo’lgan Xitoy bilan bordi-keldini cheklab virus tarqalishini sekinlashtirdi.

“Jo Bayden esa Trampning Xitoy bilan aviaaloqani to’xtatish qaroriga qarshi chiqqanini amerikaliklar bilib qo’ysin”, - dedi vitse-prezident.

Pensga ko’ra, Tramp koronavirusga testlarni jadallashtirib, vaksinani yaratishga zo’r berdi. Biroq Harris Trampning vaksinani tezlashtirish harakatlari samara berishini shubha ostiga qo’ydi.

“Shifokorlar vaksinani tavsiya qilsa, o’zimni emlataman. Tramp tavsiya qilsa, emlatmayman”, - dedi u.

“Odamlar hayoti bilan siyosatni o’ynashni bas qiling. Nazarimda, vaksina yil oxirigacha chiqariladi”, - dedi Pens.

Pandemiya dunyo bo’ylab iqtisodiyotlarga zarba berayotgan bo’lsa-da, Harris AQSh iqtisodiyoti koronavirusdan oldin muammoga yuz tutganini aytdi.

“Xitoy bilan savdo urushini deb ishlab chiqarishda 300 ming ish o’rinlarini boy berdik”, - dedi senator.

Pens bunga e’tiroz bildirdi.

“Xitoy bilan savdo urushida boy bermadik. Jo Baydenning bu urushga aloqasi yo’q, chunki u o’nlab yillardan beri kommunistik Xitoyni qo’llab-quvvatlab keladi”, - dedi respublikachi nomzod.

Pens va Harris Oliy sudda bo’sh qolgan o’ringa konservativ sudyaning tayinlanishi xususida ham tortishdi.

Siyosiy tahlilchi Andra Jillespining aytishicha, vitse-prezidentlikka nomzodlar teledebat paytida prezidentlikka nomzodlar pozitsiyasini zaiflashtiruvchi xatolardan qochishi kerak.

“Nazarimda, har ikkisi buning uddasidan chiqdi. Ammo aytish joiz, Vitse-prezident Pens Oq uydagi hozirgi ma’muriyat a’zosi sifatida Trampning yutuqlariga ham, muvaffaqiyatsizliklariga ham sherikdir”, - deydi tahlilchi.

Siyosatshunos Rich Miger ushbu teledebat ahamiyati haqida fikr bildirdi.

“Saylovchilar vitse-prezidentlikka nomzodlarga ovoz bermaydi, ular prezidentlikka nomzodlarga ovoz beradi. Biroq bu gal o’zgachadir. Saylov tarixida eng keksa nomzodlar bellashmoqda. Shulardan biri yaqinda o’ta jiddiy kasalga duchor bo’ldi”, - deydi Rendolf-Makon kolleji eksperti.

Agar prezident vafot etsa yoki vazifalarini bajarishga ojizlik qilsa, vitse-prezident uning o’rnini egallaydi. Tramp hozir 74 yoshda, Bayden esa undan uch yosh katta. Vitse-prezident Pens 61 yoshda, Harris esa 55 da.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG