Breaking News

AQShda Xotira kuni - Vyetnamda jang qilgan askar hikoyasi


AQShda har yili may oyining so’nggi dushanbasi milliy bayram - Xotira kuni. Amerikaliklar bu yurtning barcha urushlarida halok bo’lgan harbiylarni xotirlashadi.

Vyetnam urushi turli bahslarga sabab bo’lsa-da, unga Amerika tarixida alohida e’tibor qaratiladi. “Amerika Ovozi” Vyetnam urushi paytida asirga tushib, yillar davomida tutqunlikda vaqt kechirgan bir amerikalik bilan suhbat qildi.

AQSh harbiy-havo kuchlari sobiq kapitani Gay Graters kommunizmga qarshi kurashish maqsadida urushga o’z xohishi bilan 1967-yil boshida ketgan. Vyetnamda uning samolyoti 400 marotaba havoga ko’tarildi, ikki marta urib tushirilgan.

"Birinchi marta mard yigitlarimiz meni qutqarishga muvaffaq bo’lishdi. Vertolyotda olib ketishdi. Ikkinchi bor samolyotim tunda urib tushirildi. 45 daqiqacha o’rmonzorda dushman askarlaridan yashirinishga muvaffaq bo’ldim”, - deydi u.

Biroq Gratersni ushlab bir qishloqqa olib kelishadi, bir kundan so’ng esa yuk mashinasida boshqa asirlar bilan birga Xanoydagi lagerga yetkazishadi. Yana bir haftadan keyin barchasini “Xanoy Xilton” nomi bilan tanilgan lagerga ko’chirishadi.

“U yerda bizdan harbiy ma’lumotlarni olish maqsadida rosa qiynashgan”, - deydi Graters.

Besh yilda bu askar olti lagerda bo’ldi. Shimoliy Vyetnam tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga ko’nganidan so’ng uni 1973-yilda ozod etishdi.

“1972-yil dekabrida AQSh samolyotlari Xanoy atrofidagi ko’plab harbiy obyektlarni qattiq bombardimon qilishdi. 11 kun davomida 400 ming tonna bomba tashlangan”, - deydi Graters.

Amerika xalqi o’sha payt AQShning urushdagi ishtirokini tanqid qilishiga hamda Gratersning asirlikda azob chekishiga qaramay, u maqsadga erishishga muvaffaq bo’ldik, deydi.

"Bizning Vyetnamdagi harbiy amaliyotlarimiz ketidan Indoneziya, Tailand, Malayziya, Filippin hukumatlari o’z mamlakatlaridagi kommunistlarga qarshi muvaffaqiyatli jang qildi. Vyetnamdagi qahramonligimiz tufayli 450 million odam dunyoda kommunizm balosiga duchor bo’lmadi”, - deydi urush faxriysi.

Gay Graters ko’p joylarda urush haqidagi xotiralarini so’zlab ma’ruzalar qiladi hozir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG