22-may kuni Prezident Barak Obama Vyetnamga safar qiladi. Bir paytlar AQSh bu mamlakatda urush qilgan. Jamiyat o'shanda bo'linib qolgan edi. Vyetnam urushidan 40 yildan ortiq vaqt o'tgan bo'lsa ham munozaralar tugagani yo'q.
Yaqinda Texasning Ostin shahridagi Lindon Jonson nomli kutubxonasida urush faxriylari, sobiq rasmiylar, harbiy muxbirlar va urushga qarshi faollar to'planib, shu mavzuda muloqot qildi.
Uchrashuvdan oldin kantri qo'shiqchisi Jo Makdonald urushga qarshi mashhur madhiyani kuyladi.
“Qo'shiqning ajoyib tomoni shundaki, unda urushda qatnashgan askarlar ayblanmaydi. Urushni askarlardan ko'rish bu xuddi olovni o't o'chiruvchilardan ko'rishdek gap”, - deydi san'atkor.
Faxriylarning urushga munosabati turlicha. Ba'zilari unga hojat, zarurat bo'lmagan, deydi. Biroq urushda qatnashgan hamma hayotida keskin burilish yasalganini tan oladi. 1969-yilda yaralangan Kerri Orr ulardan biri.
“Nega g'alaba qozona olmaganimizni haligacha tushunmayman”, - deydi u.
Janubiy Vyetnam armiyasida kapitan bo'lgan Maykl Do esa Prezident Nikson kommunistlar yana hujumga o'tsa, yordam berishni va'da qilganini eslatadi.
Biroq amerikaliklar urushdan charchagan edi. O'sha paytdagi hukumat hujjatlaridan hozir shunisi ma'lumki, rahbarlar urushda g'alabaga erishishning iloji yo'qligini anglab yetgan, deydi yozuvchi Robert Shenkan.
“O'sha davrning siyosiy va ijtimoiy ahvolidan kelib chiqqan holda harbiy yutuqqa erisha olmasligimizni tasdiqlovchi talaygina tarixiy hujjatlar mavjud", - deydi u.
AQSh tashqi siyosatini o'sha yillarda davlat kotibi Genri Kissinjer belgilagan. Urush tanqidchilari uni Prezident Richard Niksonga Vyetnamga qo'shni Kambodjani bombardimon qilishga maslahat bergani uchun harbiy jinoyatlarda ayblaydi. Biroq Kissinjerning aytishicha, Shimoliy Vyetnam qo'shni mamlakatga to'rtta diviziya yuborgani uchun Kambodjani bombardimon qilish qarori to'g'ri bo'lgan.
“Nikson prezidentlikka kelganidan ikki hafta o'tgach ular hujumga o'tdi va har hafta 500 tagacha amerikalik askar nobud bo'la boshlagan edi", - deya eslaydi sobiq davlat kotibi.
Ostindagi "Vyetnam sammiti" mamlakatni urushga boshlagan rahbar Lindon Jonson nomi berilgan kutubxonada o'tdi. Uning qizi Lyusi Beyns Jonson eski ginalarni unutishga chaqiradi.
“Balki o'shanda barchamiz o'z mamlakatimiz manfaati uchun to'g'ri ish qilishga harakat qilgandirmiz”, - deydi u.
Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Obamaning Vyetnamga safari ham eski ginalarni unutishga qaratilgan bir qadamdir. Vyetnam urushida qatnashib, keyinchalik unga qarshi chiqqan Kerriga ko'ra, AQSh-Vyetnam aloqalari eski dushmanlarning til topishib ketishiga yaxshi misoldir.