Breaking News

Virjiniya gubernatori korrupsiyada ayblanmoqda


Amerikada korrupsiya hollari - Corruption, Virginia governor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

Amerikada korrupsiya hollari - Corruption, Virginia governor

Amerikada ham korrupsiya bormi, yulg'ich siyosatchilar va amaldorlar jazolanadimi deb qiziqsangiz, javobimiz shuki, albatta bor. Har yili o'nlab mansabdorlar jinoiy javobgarlikka tutiladi, qamaladi.

Siyosat va biznes olami bir-biri bilan chambarchas bog'lik ekan, yoritilmagan va fosh etilmagan qora ishlar juda ko'p. Lekin axborot vositalari izingizga tushdimi, tamom.

Virjiniya shtatining shu yili xizmatini yakunlayotgan respublikachi gubernatori Robert Makdonel qimmatbaho sovg’alar olganlikda gumon qilinib, jinoiy tergov boshlangan. Meni nimalarda ayblashayotgan bo’lishsa ham o’z shtatimdagi qonun-qoidalarni buzmaganman, deydi u.

Richmond shahridagi tepalikda Virjiniya kapitoliysi joylashgan. 1788-yilda qurilgan bu azim bino Amerika bilan deyarli teng.

Shtatning 71-gubernatori Robert Makdonnell o’zini himoya qilish uchun advokatlar yollagan. U mahalliy tadbirkor va donorlardan o’zi va oila a’zolari uchun 160 ming dollarga teng sovg’a-salom va naqd pul olganlikda gumon qilmoqda.

Richmondlik jurnalist Piter Galujka gubernator nimalar bilan siylanganini tekshirib, maqolalar yozgan. Sovg’alarning aksariyati, deydi u, “Star Scientific” firmasi rahbari, Jonni Vilyams ismli tadbirkor tomonidan berilgan.

“Makdonnell va uning oilasi ko’chmas mulk bilan ham shug’ullanadi, imtiyozli kreditlar olgan. Biznesmenlar qizining to’yiga 15 ming dollarli ziyofat, gubernatorning o’ziga 6,5 ming dollarga Rolex soati tuhfa qilishgan. Xotiniga Nyu-Yorkning eng qimmat magazinlariga sayohat…”,- deydi Galujka.

Huquqshunoslar fikricha, Virjiniyada siyosatchilarning shaxsiy faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar bo’sh. Bu qonunlar faqat menga taalluqli, qarindoshlarim haqida hisobot berish majburiyatim yo’q, deydi Makdonnell.

"Menga keladigan sovg’alar haqida mayda-chuydasigacha har yili hisobot beraman. Lekin amaldagi qonunga ko’ra oilamdagilar oladigan tuhfalar bundan mustasno",- deydi gubernator.

Robert Makdonnell biznesmen Jonni Vilyamsdan olgan imtiyozli kreditning qariyb 125 ming dollarini qaytargan. Qizining to’y xarajatlari uchun yuborilgan chek ham egasiga qaytdi. Yaqinda Makdonnellning oila a’zolaridan biri Vilyams bergan naqd pulni, gubernator esa “Rolex” soatini qaytarishini ma’lum qildi.

AQSh Federal qidiruv byurosi gubernator va tadbirkor o’rtasida “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida biror kelishuv bo’lganmi-yo’qmi, surishtiruv boshlagan. Virjiniya mulozimi iddaolar asossiz ekanini ta’kidlaydi.

“Janob Vilyams va uning kompaniyasi shtatdan biror imtiyoz yoki yordam olgani yo’q",- deydi gubernator.

Siyosat bo’yicha professor Den Palazoloning qayd etishicha, federal tekshiruv natijalari e’lon qilinmaguncha bir narsa deyish qiyin. Bir paytlar vitse-prezidentlikka nomzod deb ko’rilgan Makdonnellning siyosiy kelajagi qil ustida.

"Federal qidiruv byurosi qanday xulosa bilan chiqadi, shunisi qiziq. Agar unga konkret ayblovlar qo’yilmasa, bu ish bosti-bosti bo’lib ketadi. Ayblov qo’yilsa, bu mashmasha hali uzoq davom etadi",- deydi olim.

Ayni damda Virjiniyada inauguratsiya marosimiga tayyorgarlik ketmoqda. Yangi gubernator - demokrat Terri Makolif. U mulozimlarning sovg’a-salom olishiga doir qonunlarni isloh qilishga va’da bermoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG