Xorijdagi o’zbek faollar tuzgan Virtual saylov komissiyasi sayti xakerlar hujumi ostida. Lekin bu tashabbus hamon hayot, deydi Ulug’bek Bakirov, tashkilotchilardan biri. (Audio suhbat quyida)
Virtual saylov, muqobil bellashuv, konstruktiv bahs va munozara orqali vatandoshlar O’zbekistonning kelajagi va demokratik istiqboli yo’lida o’ziga xos hissa qo’shmoqda, deydi Bakirov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’zbekistondagi saylovoldi jarayonini kuzatar ekan, chorak asrdan beri rahbarlik qilib kelayotgan Islom Karimov yana bir bor nomzod bo’lishga haqlimi degan savolni o’rtaga tashlamoqda. Tashkilotning cheklangan missiyasi bergan oraliq hisobotda masala hamon mavhum ekani qayd etiladi.
Hukumat fuqarolardan bu borada tushgan shikoyatlarga, jumladan Karimov qayta saylanishga urinib, bosh qomusni buzmoqda degan norozilik arizalariga javob bermayapti. Xalqaro hamjamiyat bu masalaga aralashmoqchi emas: saylov O’zbekistonning ichki ishi.
Ulug’bek Bakirov G’arbni ikkiyuzlamachilikda, adolatsizliklarga ko’z yumayotganlikda tanqid qiladi. Lekin saylov va rahbarni tanlash haqiqatan ham xalqning vazifasi, deydi u.
Sayt ishdan chiqqanidan buyon virtual nomzodlar uchun ovoz berish jarayoni to'xtab qolgan. 22-martga qadar to'plangan ovozlar bilan Virtual saylov komissiyasining "Facebook" sahifasida tanishish mumkin. Shuningdek, mana bu yerda.