AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi rahbariyati o'z matbuot xizmatiga "Amerika Ovozi" bilan professional hamkorlik qilmaslikni buyurgan. Tashkilotning ayni kunlarda faoliyatini yakunlayotgan direktori Amanda Bennett buni axborot va matbuot erkinligini cheklash deb atadi.
Oq uy va Prezident Donald Tramp "Amerika Ovozi"ni Xitoyda koronavirus bilan bog'liq yangiliklarni yoritgani uchun tashkilotni Pekin propagandasiga o'ynayotganlikda ayblagan edi.
"Amerika Ovozi" bu iddaolarni keskin inkor etib, ommaviy axborot vositasi sifatidagi roli va Xitoydek yopiq jamiyatga ma'lumot olib kirishdek muhim vazifasi borligini eslatib, 47 tildagi efirni yaqindan tahlil qilib, kontentni vijdonan baholashga chaqirgan.
"Amerika Ovozi" Kongress tomonidan moliyalanadi, lekin hukumat xizmatidagi yoki uning nazoratidagi OAV emas.
"Amerika Ovozi" jurnalistlari Amerika hukumatini xuddi boshqa hukumatlar singari savolga tutadi va muammolar haqida tanqidiy materiallar beradi.
Xitoydagi vaziyatni yoritar ekan, "Amerika Ovozi" ham boshqa xalqaro manbalar singari u yerdagi real ahvolni tahlil qiladi. Bu ma'lumotlarning ayrimlari Oq uy pozitsiyasiga to'g'ri kelmasa, uni efirga uzatgan mediani qoralash mantiqqa zid, deya qayd etadi "Amerika Ovozi".
Bennett xonim Oq uy tanqidiga alohida javob berib, tashkilot missiyasinining asosini eslatgan: ishonchli va xolis axborot berish.
300 millionga yaqin haftalik auditoriyaga ega "Amerika Ovozi" 100 dan ortiq davlatda tomosha qilinadi, tinglanadi va o'qiladi.
Tashkilotning bosh maqsadi - axborot oqimi cheklangan jamiyatlarga zarur ma'lumot yetkazish. Xitoy va Rossiya, masalan, shunday mamlakatlar qatorida, chunki hukumatlar matbuot erkin faoliyat yuritishi uchun yo'l qo'ymaydi.
Bennet xonim nazarida AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi va Oq uy o'z xodimlariga "Amerika Ovozi" bilan ishlamaslikni uqtirib, axborotni cheklashga urinmoqda.
Facebook Forum