Breaking News

Amerika pochta orqali ovoz berishga tayyorlanmoqda


Saylov-2020: Pochta orqali ovoz berish tartibi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

Saylovlar haqida gap ketganda, aksar amerikaliklar mahalliy saylov uchastkasiga shaxsan borib ovoz beradi. Ammo pandemiya tufayli bu galgi prezidentlik saylovlarida ovozlar pochta orqali berilishi mumkin.

Mamlakat bo’ylab saylov rasmiylari muhim tadbirga tayyorgarlik ko’rmoqda. Har to’rt yilda o’tadigan jarayon. 3-noyabrda millionlab amerikaliklar keyingi prezidentni tanlaydi.

Ammo bu yil koronavirus pandemiyasi tufayli ovoz berishning o’zi katta muammo. Aksariyat shtatlar pochta orqali ovoz berish imkoniyatini kengaytirmoqda.

“Faraz qilaylik, 2020-yilgi prezidentlik saylovida byulletenlarning 65-75 foizi pochta orqali yuborildi. Bu degani, 90 milliondan 105 milliongacha byulleten pochtada keladi. Juda katta hajm bu”, - deydi saylov texnologiyalari bilan shug’ullanuvchi OSET instituti xodimi Eddi Perez.

Albatta, ovozni pochta orqali berishning logistik va xavfsizlik muammolari mavjud – saylovchilarni ro’yxatga olishdan tortib saylov varaqalarini yetkazishgacha.

“Ba’zida bo’m-bo’sh byulletenlar yoppasiga, nazoratsiz tarqatilishi haqidagi gaplarni eshitamiz. Sistema bunday ishlamaydi”, - deydi Perez.

Fuqaroga yetkaziladigan byulleten muayyan saylov okrugi uchun bosib chiqariladi. Shtrix-kodlangan ma’lumot ro’yxatdan o’tgan shu odam ismiga bog’langan.

Ovozini qayd etgach, saylovchi byulletenni pochta orqali yuboradi yoki maxsus qutiga tashlaydi.

So’ng okrugdagi saylov mashinalari ishga tushadi. Raqamli skanerlar byulletenni rasmga oladi. Bundan maqsad - saylovchining imzosini okrug kompyuterlerida saqlanadigan imzo bilan solishtirish. Byulleten skanerdan o’tib bo’lganidan keyin sanash boshlanadi. Agar imzo bo’lmasa yoki to’g’ri kelmasa, byulleten tekshiruv uchun chetga olinadi.

“Bu zavodda mahsulot sifatini tekshirishga o’xshaydi. Ba’zida imzoga diqqat bilan qarashimiz kerak”, - deydi Kaliforniyada saylov idorasi xodimi Nil Kelli.

Fuqaro byulleten qanday jarayondan o’tayotganini kuzatish imkoniga ega. Xohlasa sms-xabar orqali. Yoki byulletenlar uchun ilovani yuklab olsa bo’ladi.

Jarayon, shuningdek, anonim hamdir. Sanash paytida konvert va saylov byulleteni bir-biridan ajratiladi.

“Saylovchining shaxsiy ma’lumotlari va tanlovini bir-biridan ajratamiz. Demokratik tizimda ovoz berish maxfiyligini ta’minlash juda muhim”, - deydi Eddi Perez.

Biroq pochta orqali ovoz berishda ham muammolar bo’ladi, ba’zida ovoz hisobga olinmaydi.

“Konvert kechikib kelishi yoki pochta xizmati uni kech yetkazishi mumkin. Ba’zida saylovchi imzo qo’ymagan. Yoki imzosi bizdagisi bilan mos kelmaydi”, - deydi Kaliforniya Saylovchilar jamg’armasi rahbari Kim Aleksandr.

Kaliforniya bu yili pochta orqali ovoz berishga ko’proq vaqt ajratmoqda. Agar muammo chiqsa, okrug saylovchi bilan bog’lanib hal qilishi kerak. Shunday bo’lsa-da, yosh va yangi saylovchilar alohida masala, deydi Aleksandr.

“Ularning ovoz berishda tajribasi yo’q. Pochta qanday ishlashini yaxshi bilishmaydi. Imzo chekishga ham o’rganmagan”, - deydi u.

Shtatlarda tayyorgarlik avjida. Saylovchilar ro’yxati tekshirilmoqda. Fuqarolar pochta orqali qanday ovoz berishi to’g’risida xabardor qilinmoqda. G’olibni aniqlashga bir necha hafta vaqt ketishi ham mumkin, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG