Breaking News

Qora tanlilarning saylov huquqlari uchun kurashning 50 yilligi xotirlanmoqda


AQShda ovoz berish uchun kurash, tarixga nazar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:15 0:00

AQShda ovoz berish uchun kurash, tarixga nazar

Saylov huquqlari haqidagi qonun Amerika Qo’shma Shtatlarida 1965-yilda qabul qilingan. Millionlab qora tanli fuqarolar ovoz berish huquqidan amalda foydalanadigan bo’ldi. Qonun fuqarolik huquqlari harakatining mahsuli edi. Yillar davomida uyushtirilgan namoyishlar, to’kilgan qon beiz qolmadi. 2008-yilda Amerikada ilk qora tanli prezident saylandi.

Amerikada fuqarolik huquqlari uchun kurashgan fidoyilarning ko’pi hayot. Ulardan biri Si Ti Vivianning aytishicha, odamlar ovoz berish huquqi uchun qon to’kkan.

"Ular bizni qafasda ushlab turmoqchi bo’lishdi", - deydi u.

O’lim xavfi Vivian va unga o’xshaganlarni Alabama shtatining Selma shahrida qoralarni ro’yxatga olish va saylash huquqini qo’lga kiritish harakatidan qaytarmadi.

Bir necha hafta davomida Vivian yetakchiligida o’nlab qora tanlilar shaharning Dallas rayon sudi binosi yonida tinch namoyish qildi.

"Odamlar saylash huquqini qo’lga kiritmoqchi edi”, - deydi Vivian.

Vivianning o'sha paytda sherif Jim Klarkka aygan so'zlari tarixda muhrlangan.

"Sud sheriff Klarkka qarashli emas, Dallas rayoni aholisiga qarashli", - degan edi Vivian o'shanda.

Sherif Klark ashaddiy irqchi edi. U qoralarning ovoz berishini istamas, qo’ldan kelgancha bunga to’siq qo’yardi.

"U yuzini o’girib, mendan uzoqlashishga harakat qilganida “mendan yuzingizni o’girishingiz mumkin, lekin adolatdan o’girolmaysiz” dedim".

Vivianning bu so'zlari ham magnit lentalarida saqlanib qolgan.

"Shundan so’ng u har doimgidek bizni do’pposlashga kirishdi. Yuzimga qattiq musht tushdi. "Demokratiya yo’lida kaltak yesak, yebmiz. Siz oddiy xalqni demokratiyadan ayiryapsiz" dedim”, - deydi Vivian.

Burilish 1965-yil martida yuz berdi. Selmadagi tinch namoyishchilarga Alabama shtat politsiyasi hujum qildi. O’sha kun “qonli yakshanba” nomi bilan tarixga kirdi. Hozirda kongressmen Jon Lyuis namoyishchilar boshida turgan edi.

"Ular biz tomon kelib, to’qmoqlar bilan ura ketishdi, otlar bilan bosishdi, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llashdi. Shtat politsiyachisi to’qmoq bilan boshimga urdi. Ko’prikda hushsiz yotdim. Tirik qolaman deb o’ylamagandim. O’lim bilan yuzlashdim", - deydi Lyuis.

Politsiya hujumi tasvirlangan fotosuratlar mamlakat bo’ylab noroziliklarga sabab bo’ldi. Shundan bir necha kun o’tib sud namoyishchilarga Selmadan Montgomeriga yurish qilishga ruxsat berdi.

"Martin Lyuter King mendan xabar olgani keldi. Kasalxonada edim. “Jon, xavotir olma, Selmadan Montgomerigacha boramiz, saylov huquqlari qonunini albatta qabul qilishadi” dedi”, deydi qonunchi Lyuis.

Kingga o’n minglab odam ergashdi.

"Bilaman, qonunni qachon qabul qilishadi degan savol qiynayapti sizlarni. Yaqinda", - degan edi o'shanda Martin Lyuter King.

Shundan bir necha oy o’tib, Kongress hujjatni qabul qildi, Prezident Lindon Jonson esa 1965-yil 6-avgust kuni uni imzolab, Konstitutsiyaning qora tanlilarga saylash huquqini beruvchi 15-tuzatishiga mamlakat bo’ylab turtki berdi.

1965-yil oxiriga borib, 250 ming qora tanli saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tdi. Fuqarolik huquqlari uchun kurashgan faollar yarim asr oldin ko’p safdoshlarining fidoyiliklari behuda ketmaganidan mamnun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG