AQSh prezidentiga Iroqda urush olib borish uchun bir necha yil oldin berilgan vakolatlarni Senat endi bekor qilishga urinmoqda. Har ikki partiya qonunchilari qo’llab-quvvatlayotgan harakat ortida turgan senatorlarning aytishicha, Kongress bu boradagi vakolatini tiklashi va harbiy kuchning suiiste'mol qilinishining oldini olishi kerak.
AQShda Kongress prezidentni urush olib borish vakolatlari bilan ta’minlaydi. Qonunchilik organi bunday vakolatlarni avval 1991-yilda Fors ko’rfazidagi birinchi urush paytida, so’ng 2003-yilda Iroqqa qo’shin kiritilganida bergan.
“Amerikaliklar Yaqin Sharqdagi cheksiz urushlardan charchagan. Ko’p amerikaliklar hatto Iroq urushining dastlabki yillarini eslay olmaydi. Prezidentning urush vakolatlari bekor qilinmas ekan, kelajak ma’muriyatlar uni suiiste’mol qilishi mumkin”, - deydi demokrat senator Chak Shumer.
Prezidentning urush vakolatlari Amerika rahbarlariga Kongress ruxsatisiz harbiy amaliyotlar olib borish imkoniyatini beradi. Qonunchilar chora eskirganini aytib, yillar davomida uni bekor qilishga harakat qildi.
“Iroqda ommaviy qirg’in qurollari topilmadi. Harbiy kuch qo’llash vakolatini bekor qilish bilan Amerika patsifist davlatga aylanib qolmaydi. Bu shunchaki AQSh konstitutsiyaga amal qiladigan davlat bo’ladi degani”, - deydi yana bir demokrat senator Dik Durbin.
Biroq uning ayrim respublikachi hamkasblari nazarida, qonun bekor qilinsa, prezidentning tezkor chora ko’rish imkoni cheklanadi.
“Amerikaliklar Iroqda xizmat qilyapti. Ularni Eron ko’rsatmasiga ko’ra Iroqda harakatlanayotgan qurollangan shia guruhlaridan himoya qilish uchun har qanday kuch qo’llashga tayyor ekanimizni askarlarimiz bilishi kerak”, - deydi senator Lindsi Grem.
AQSh prezidentlari oliy qo’mondon sifatida ko’p hollarda Kongress ruxsatisiz, qonunchilar qarshiligiga uchramay harbiy choralar ko’rgan.
Prezidentning urush vakolatlarini bekor qilishga qaratilgan qonun loyihasiga harbiy kuch qo’llashni suiiste’mol qilishga qarshi choralar hamda AQShning xorijdagi qo’shinlari tahdidga uchragan taqdirda zudlik bilan chora ko’rish vakolati kiritilgan.
“Eronning biz va mintaqadagi ittifoqchilarimizga solayotgan tahdididan xabardorman. Ularning niyati pok deya o’zimizni aldamasligimiz kerak. Javob berishimiz uchun siyosiy iroda bo’lishi kerak bizda, qanday va qaysi payt lozim topsak. Vakolatlarni bekor qilish AQSh manfaatlarini Erondan himoya qilish salohiyatimizga ta’sir qilmaydi”, - deydi demokrat senator Bob Menendes.
Eski qonunni bekor qilishga qaratilgan oldingi harakatlar natija bermadi. Masala yana muhokamaga qo’yilmoqda. Natija ijobiy bo’lishi uchun 100 senatordan 60 tasi hujjatga ovoz berishi kerak.
2001-yilda Afg’onistonda urush boshlashga va terrorizmga qarshi global kurash olib borishga ruxsat bergan qonunni esa senatorlar aksincha ko’pchilik ovoz bilan uzaytirishga qaror qildi.
Bunga qarshi chiqqan respublikachi senator Rend Pol shunday dedi:
“Har ikki partiya 11-sentabr voqealaridan keyin qabul qilingan urush vakolatlarining hech qanday vaqtinchalik yoki jug’rofiy cheklovlari yo’qligini ta’kidlashdi. Iroq urushiga doir vakolatlarni bekor qilish esa hech qanday urushga chek qo’ymaydi, insonlar hayotini saqlamaydi”, - dedi u.
Chora Senatda ma’qullansa ham Vakillar palatasi tasdig’idan o’tishi kerak bo’ladi. Quyi palata a’zolari masalani yillik harbiy byudjet muhokamasi doirasida ko’rib chiqishi kutilmoqda.
Facebook Forum