Vashingtondek siyosat o’chog’ida siyosatdan qochish qiyin. Masalan, restoranlarda siyosatchilarning tasvirlari marketing uchun qo’llaniladi. Endilikda siyosatchilarning chehralari butun boshli binolarni yoki ularning devorlarini qoplab turganini ko’rasiz.
Aniken Udofiya – rassom. Mahalliy yulduzlarni chizib tanilgan.
Asboblar va vositalar antiqa. San’at asarlari yaratadi, axir. Ularning orasidagi farqni, albatta, ustadan yaxshiroq hech kim bilmaydi.
“Bu bo’yoqlar tashqarini bo’yash uchun yaxshi”, - deydi u.
Bir necha metrlik devorda 16 shaxsning yuzini ko’rasiz. Tanish chehralar. Vashingtonning sobiq meri, elga tanilgan arboblar, artistlar va sportchilar. E’tiborni tortadi.
“Prins, Muhammad Ali, Barak Obama va uning rafiqasi. Ularni birga chizishni ma’qul ko’rdim, qiziq-da”, - deydi rassom.
Bu loyiha uchun u oldin fotolarni o’rganadi. Chehralarni aks ettirish uchun bu insonlarning shaxsiyatini ham tushunish kerak.
“Birinchidan, chizilgan odamlar rasmga qarab, o’zini ko’rishi kerak. Atrofidagilar ham maq’ullashi kerak. Kelishmovchilik yoki tortishuvga o’rin yo’q bu yerda, chunki asarim haqiqatga iloji boricha yaqin bo’lishi kerak”, - deydi san’atshunos Mia Devua.
Rassom har bir tasvirni qog’ozda qayta-qayta chizadi. Keyin esa devorga o’tadi. Natija: katta hajmli va ranglarga boy manzara. Yuzlab rangdagi bo’yoqlar ishlatilgan.
Har bir chehra uchun o’nlab rang, jilo va tus berish kerak. Hayotda ham har bir yuz aslida serqirra, deydi u.
“Ozgina uzoqlashib, tashqaridan turib qarash kerak bo’ladi. Ishim sekin, chunki nozik”, - deydi rassom.
Har yili Vashington shahar hokimiyati mana shunday devoriy tasvirlar uchun 100 ming dollar ajratadi. AQSh poytaxti uchun katta pul emas. Maqsad oddiy, lekin ahamiyatga molik.
“Grafitti chizib ketilgan bizneslar uni tozalash uchun katta pul sarflaydi. Biz mana shunday loyihalar orqali ularga ko’maklashamiz. Bema’ni tasvirlar emas, haqiqiy asarlar. Tadbirkorlar bizdan minnatdor”, - deydi loyiha rasmiysi.
Graffiti chizishni odat qilganlar esa maxsus kurslarda rassomchilikni o’rganishi mumkin. 10 yil oldin shunday loyiha ishga solingan. 54 katta devor bugun ochiq tasviriy san’at namunasi. Mavzuni bizneslar yoki mulk egalari tanlaydi. Jamoatchilikka bunday proyektlar ma’qul. Bo’sh yotgan devorlarda bachkana rasm yoki belgilar emas, tanish chehralar.
Facebook Forum