Dunyoning ko'plab joylarida toza ichimlik suvini topish muammo. Hatto suv mo'l bo'lgan hududlarda ham. AQSh Energetika vazirligi suvni sho'rsizlantiruvchi, quyosh nuriga ishlovchi arzon texnologiyani yaratish loyihalari uchun 15 million dollar ajratdi. Tadqiqotchilar allaqachon bu borada ko'p ishlarni amalga oshirgan. Tafsilotlar bilan men Behzod Muhammadiy.
Los-Anjelesdan tortib Xyustongacha bo'lgan shaharlarda olimlar toza ichimlik suvi olishning arzonroq va samaraliroq usullari ustida ish olib bormoqda.
"Tabiiy suvlarda ham sho'rlanish oshmoqda", - deydi Janubiy Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Eymi Childres. Uning aytishicha, ayrim hududlarda suvni sho'rsizlantirishga ehtiyoj oshmoqda.
"Water Planet" kompaniyasi vakili Erik Xoek toza suv olish xarajati va bunga ketadigan energiya miqdori ko'pligini aytadi. Suv tozalovchi inshootlar asosan elektr tokiga ishlaydi. Eng arzon energiya manbai bu quyosh.
"Bu usulning dunyoga keng yoyilmaganining asosiy sababi uning barqaror emasligida. Quyosh chiqadi va botadi. Buning davomiyligini ta'minlash uchun esa batareya kerak. Unga kunduzi tok yig'ib, kechasi ishlatasiz. Lekin batareya narxlari juda yuqori", - deydi u.
Rays universiteti tadqiqotchisi Kilin Li quyosh nuriga ishlovchi moslama yasayapti.
"Uzoq hududlarda yashovchi kichik jamoalar uchun bu juda zo'r inshoot. Rivojlanayotgan davlatlarda bizdagidek energiya yoki suv infratuzilmasiga ega bo'lmagan ulkan shaharlar uchun ham foydali", - deydi u.
Bu tizimdan maqsad uni arzon va moslashuvchan qilib, kichik jamoalarning ham, katta shaharlarning ham ehtiyojini qondirish.
Li va uning jamoasi quyoshdan foydalanib suvni bug'ga aylantiradigan va uni membrana orqali toza suv qilib beradigan reaktor yaratdi. Uning arzonligi o'ziga xos jihati, deydi Li.
"Membrana quyosh nurini yig'ib, uni foton energiyasiga aylantiradi va suvni samarali bug'lantiradi. U zararli chiqindilarni saqlab, ikkinchi tomonga faqat toza suvni o'tkazish vazifasini ham bajaradi", - deydi tadqiqotchi.
Childres esa zavodlardan chiqadigan issiqlikni qanday ishlatish yo'llarini o'rganmoqda.
"Sanoat joylarida chiqayotgan issiqlikni borib o'lchadik. Qaytib kelib uni o'zimizning tizimga uladik, bu issiqlikni qayta-qayta aylantirib, membrananing unga qanday reaksiya qilishini kuzatdik", - deydi u.
Toza suv ishlab chiqaradigan membranalarga talab katta. "Water Planet"ning "PolyCera" membranalari turli sohalarda ishlatilmoqda.
"Dunyo bo'ylab qiziqish katta. Nafaqat sanoat darajasidagi suvlarda, balki Hindiston, Xitoy va AQShning o'zida uni rakovinadagi suv filtrlariga qo'yib ishlatish yo'llarini ko'ryapmiz", - deydi Xoek.
Dunyo aholisining 30 foizga yaqini toza ichimlik suviga ega emas. Tadqiqotchilar esa suvni tozalovchi bepul energiya olish yo'llarini o'rganishda davom etmoqda.
Facebook Forum