Breaking News

AQSh federal sudi terrorizm ma'lumotlar bazasini konstitutsiyaga xilof deb topdi


AQShda 2001-yil 11-sentabr voqealaridan so’ng terrorchilar va terrorizmda gumon qilinganlarni AQShga kiritmaslik uchun maxsus ma’lumotlar bazasi tuzilgan. Yaqinda bir federal sudya bunday ro’yxat konstitutsiyaga zid degan qaror chiqardi.

Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan yaratilgan bu ro’yxatda bir milliondan ziyod amerikaliklar va xorijliklar bor. Bu insonlarning parvoz qilishiga to’siq yo’q, biroq harakatlanishi cheklanishi mumkin.

Ro’yxatga tushgan 23 nafar amerikalik musulmon shu yili AQSh hukumatini sudga berdi. Da’vogarlarga ko’ra, ularda ismlarini ro’yxatdan chiqarish uchun qonuniy vosita yo’q.

Shu oy federal sud o’z qarorida ro’yxatni noqonuniy deb topdi.

Da’vogarlardan biri Hasan Shiblining aytishicha, u aybsiz bo’lsa-da, ismi shu ro’yxatga kiritilgani sabab 15 yil davomida kamsitilgan.

“Menga ikkinchi darajali fuqaro sifatida qarashardi, jinoyatchidek muomala qilishardi”, - deydi u.

Ro’yxat tanqidchilariga ko’ra, uni tuzish me’yorlari mavhum, maxfiylashtirilgan, terrorga aloqasi yo’q odamlarni qo’shib qo’yishgan. Amerika-Islom aloqalari kengashi va Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi kabi tashkilotlar bunday amaliyotga qarshi chiqdi, biroq ba’zi qonunchilar nazarida, ro’yxat milliy xavfsizlik uchun muhim.

Respublikachi senator Ted Kruzning aytishicha, Amerika global terrorga qarshi kurashar, ko’plab amerikaliklar va AQShga ittifoqchi davlatlar fuqarolarini o’ldirgan radikal islomiy terrorchilarni nishonga olar ekan, terrorizmning oldini olish uchun hushyor bo’lish zarur.

Federal sud a’zosi Entoni Trenganing aytishicha, dastur hozirgi shaklida fuqarolarga sud orqali e’tiroz bildirish huquqlarini bermaydi va shu sabab konstitutsiyaga ziddir.

Amerika-Islom aloqalari kengashi huquqshunosi Lena Masrining aytishicha, biror odam bu ro’yxatga tushib, so’ng ismi olib tashlansa ham ma’lumotlarni qaydidan chiqarish mexanizmi ma’lum emas.

“Ro’yxatdan chiqarilgan odamlarning ismlari ma’lumotlar bazasidan ham o’chirilishi kerak”, - deydi u.

Sud qarorida da’vogarlar ham, qarshi taraf ham ma’lumotlar bazasi dasturiga taklif kiritishi kerak deyilgan. Yakuniy qaror bir necha kundan so’ng qabul qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG