Suv va quvvat O’zbekiston va Tojikistonni bir-biriga bog’lovchi va qarshi qo’yuvchi masala. Tojikiston energetik jihatdan mustaqil bo’lish uchun qurbi yetmaydigan darajada ulkan inshoot - Rog’un gidroelektrostansiyasini qurmoqda. Qishloq xo’jaligiga asoslangan O’zbekiston ob-hayot ozayadi va butun mintaqa ekologiyasi xavf ostida qoladi deya nolib keladi.
Bu ziddiyat xalqaro hamjamiyat yordamida hal bo’lar degan umid bor, lekin masalani o’rganib chiqqan Jahon banki va uning ortida turgan G’arb davlatlari nazarida ikki davlat o’zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda murosaga kelishi kerak.
O’zbekiston va Tojikistondan kelib, Vashingtonda besh oy malaka oshirgan yosh tadqiqotchilar o’z taklif va mulohazalarini olg’a surmoqda. Ular fikricha, suv va energetika muammosini yechish mumkin, siyosiy iroda va to’g’ri quvvatlov kerak xolos. (Fotolar Facebookda)
Marlen Laruel (Marlene Laruelle) Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo bo’limi rahbari. Mintaqaviy masalalar, siyosat va iqtisodiyot xususida ilmiy izlanishlar olib boradi, kitoblar yozgan. Markaziy Osiyodan yosh mutaxassislarni AQShga taklif qilib, ularga murabbiylik qiladi. Bu safar O’zbekiston va Tojikistondan ikki yoshni olib keldi va ular bilan aynan suv va energetika masalasida izlandi.
Olimaning xulosasi shuki, Markaziy Osiyoda suv tanqis emas. Mintaqada ob-hayot yetarli, deydi u, faqat bu sohani to’g’ri boshqarish va suvdan unumli foydalanish kerak.
O’zbekiston - dunyoda eng ko’p suv isrof qiladigan davlatlardan, kishi boshida yiliga 2,358 kubometr ishlatadi. Laruel xonim boshqalar bilan qiyoslaydi: Turkmaniston - 5,415 kubometr; Qirg’iziston - 2,015 kubometr; Tojikiston - 1,740 kubometr; AQSh -1,550 kubometr, Qozog’iston - 1,304 kubometr; Isroil - 281 kubometr.
Suv, qishloq xo’jaligi, ekologiya va inson hayoti bir-biriga chambarchas bog’liq. Har birini to’g’ri yurita olish kerak, deydi Marlen Laruel. Afsuski, O’zbekiston va Tojikiston hukumatlari bu masalani asosan Rog’un qurilishiga qadab xato qiladi. Rog’un qurilsa ham, qurilmasa ham muammo hal bo’lmaydi. Suvni qurol qilmang, deydi tadqiqotchi.
Xalqaro hamjamiyat, xususan Amerika esa mintaqaviy integratsiya orqali olam guliston bo’ladi deya nasihat qilish bilan yordam bera olmaydi. Regional birdamlik foyda keltiradi, lekin aynan bu masalada yondashuvni o’zgartirish kerak. Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki singari donorlar ham o’z strategiyalarini qayta ko’rib chiqishi va mahalliy yechimlar ustida o’ylanib, yangi loyihalar bilan chiqishi kerak, deydi Marlen Laruel.
Uning qo’l ostida malaka oshirgan o'zbekistonlik Nariya Hasanova deydiki:
“Tashqi dunyo umumiy va mujmal gaplarni bas qilib, muayyan maqsadlarga e’tibor qaratishi kerak. O’zbekistonda suv masalasini mamlakat miqyosida ko’rib chiqish kerak. Respublika hukumati buni tushuna boshlagan va aynan shu maqsadda donorlardan mablag’ so’ramoqda. Islohotsiz oldinga siljib bo'lmaydi. Islohotni amalga oshirish esa davlat va fuqaro burchi. Qishloq xo’jaligini yangilash, dehqon va fermerlarga erkinlik berish, tadbirkorlarni quvvatlash, texnik bilim va tajribani oshirish…”
Tojikistondan Said Yahyoyev fikricha ham uning yurti muammoga mahalliy jihatdan yondashib, ko’rpaga qarab oyoq uzatishi lozim. Rog’unni qurish va yuritish uchun mablag’ yo’q va qurbi yetmaydigan loyihani yechim sifatida ko’rish mantiqdan emas, deydi Yahyoyev.
Energetik taqchillik muammosini kichikroq inshootlar barpo etib hal qilsa bo’ladi. Qishloq, tuman va shahar hokimiyatlari yetarli salohiyatga ega bo’lgan taqdirda, energetika sohasini o’zlari yurita olishi mumkin. An’anaviy va muqobil energiya manbalari haqida ham o’ylash kerak. Maxsus programma zarur. Donorlar ham yangicha fikrlashga o'tsin, deydi mutaxassis.
Hozirgacha berilgan mablag’ xalqqa nima berdi? Masala qanchalik hal bo’layapti? Donorlar haqiqatni biladi – isrofgarchilik keng, deydi tadqiqotchi. Maqsad Tojikistonda quvvat ta’minotini yaxshilash bo’lsa, tub islohotlar qilish kerak. Hukumat bizneslar, xususan yosh tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirsa, ularga yo’l bersa, energetik soha tezroq rivojlanadi, deydi Yahyoyev, jahon tajribasi haqida gapirar ekan.
Toza energiya manbalari taraqqiyoti yo'lida BMT va boshqa xalqaro organlarga tayanish mumkin. Zarur texnologiya va yordam uchun ularga murojaat qilish kerak, deydi Said Yahyoyev.
O’zbekiston va Tojikistondan bu ikki yosh tadqiqotchi nazarida davlatlar muammolarda bir-birini ayblamay, kuch va g’ayratni suv va energetika sohasini boshdan oyoq yangilashga sarflashi kerak. Bundan boshqa yechim yo’q, deydi ular, buni nafaqat ikki respublika va qo’shnilar balki uzoqdagi hamkorlar ham tushuna bilishi lozim.