Yangi hisobotga ko'ra, kelasi 35 yilda iqlimdagi salbiy o'zgarishlar bois kuzatilayotgan suv tanqisligi migratsiya, mojarolar va iqtisodiy tangliklarga yetaklashi mumkin.
Jahon bankining iqlim, suv va iqtisodiyotga doir yangi hisoboti (High and Dry: Climate Change, Water, and the Economy) ana shu haqda.
Suv yetishmasligi iqtisodiyot, taraqqiyot va barqarorlikka asosiy tahdidlardandir, deydi Jahon Banki Prezidenti Jim Yon Kim. Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar esa muammoni yanada chuqurlashtirmoqda.
Suv kam, ixtiloflar oshmoqda
Obihayot kamayib borayotgan bir paytda bugun bu muammo bilan yuzlashmayotgan Markaziy Afrika va Sharqiy Osiyoda tez orada suv zaxiralari ozayishi kutilmoqda. Yaqin Sharqda esa ahvol bugungidan ham og'irlashishi bashorat qilinadi. Tahlilda Markaziy Osiyo ham suvga tashna regionlardan deya keltiradi.
Hisobotga ko'ra, muammo qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash va daromad topish manbalariga salbiy ta'sir qiladi.
Iqtisodiy o'sish suv zaxiralariga juda bog'liq, deyiladi hujjatda. Ishlab chiqarishda bu omilning o'rni katta. Jahon banki qurg'oqchilik va toshqinlar migratsiya va zo'ravonliklarga yetaklashini eslatadi. Globallashgan dunyoda bu muammolar yakka davlatlarda qolib ketmaydi, darhol butun mintaqalarni qamraydi, deya ogohlantiradi tashkilot.
Farovonlik sari yo'l
Hujjatda yozilishicha, suvdan oqilona foydalanish nafaqat iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni kamaytiradi, balki qurg'oqchilik sharoitida ham davlatlar barqaror rivojlanishiga yordam beradi.
Tavsiyalarda biri shuki, davlatlar to'g'onlar, suv omborlari sonini va ko'lamini oshirsin. Suvdan unumli va qayta-qayta foydalanish usullari yo'lga qo'yilsin. Shunda hosilni suvni tejagan holda sug'orish mumkin bo'ladi.
Bu maslahatlarni amalga oshirish mushkul, deyiladi Jahon Banki hisobotida, biroq doim ham qimmat emas. Suv manbalarini kelgusi avlodlar uchun saqlab, konservatsiya qilish muhim uslublardan biri sifatida keltiriladi.
Kelajakda suvga tashna bo'lishimiz aniq, deydi tashkilot xodimlari. Biroq qo'l qovushtirmasdan hozirdanoq choralar ko'rsak, muammo yengillashadi.