Vashingtonda anjumanga yig’ilgan mutaxassislar nazarida Markaziy Osiyo uchun bugun eng dolzarb masalalardan biri - suv ta’minoti va taqsimoti. Aslida ob-hayotdek bebaho ne’mat muhim bo’lmagan mintaqa yo’q dunyoda. Lekin Amudaryo va Sirdaryodek ikki azim daryodan suv ichib kelayotgan Markaziy Osiyo xalqlari haqida gap ketganda, eng kuchli xavotirlar aynan suv yuzasidan mavjud ziddiyatlarda.
Xalqaro maydonda “suv xavfsizligi” degan tushuncha ko’p tilga olinadi. Lekin u turlicha tushuniladi. BMT ta’rifiga ko’ra, suv xavfsizligi - aholining toza suvga talabini qondirish va jamiyatni suv bilan bog’liq halokatlardan asrash. Ikkinchi tavsif ko’proq biznes olamida qo’llaniladi: suv - energetik zaxira, mahsulot. Suv xavfsizligi - uni asrash va manbalarni rivojlantirish.
Davlat uchun suv xavfsizligi strategik masala, deya tushuntiradi Kai Vegerik (Wegerich), nemis olimi, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va Afg’onistonda suv zaxiralari va irrigatsiya tizimlarini o’rgangan mutaxassis.
Xalqaro maydonda “suv xavfsizligi” degan tushuncha ko’p tilga olinadi. Lekin u turlicha tushuniladi. BMT ta’rifiga ko’ra, suv xavfsizligi - aholining toza suvga talabini qondirish va jamiyatni suv bilan bog’liq halokatlardan asrash. Ikkinchi tavsif ko’proq biznes olamida qo’llaniladi: suv - energetik zaxira, mahsulot. Suv xavfsizligi - uni asrash va manbalarni rivojlantirish.
Davlat uchun suv xavfsizligi strategik masala, deya tushuntiradi Kai Vegerik (Wegerich), nemis olimi, O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va Afg’onistonda suv zaxiralari va irrigatsiya tizimlarini o’rgangan mutaxassis.
Tadqiqotchi deydiki, suvga yondashuv juda umumiy va mujmal, nafaqat rahbarlar balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham. E’tibor asosan katta GESlar yoki hali qurilmagan inshootlarda, masalan Qirg’izistonda Qambarota-1 va Qambarota-2 yoki Tojikistondagi Ro’gun...
Vegerik nazarida Sovet davridan qolgan tizimlarni yangilash, suv xo’jaligini isloh qilish va buni uddalay oladigan kadrlar yetishtirish - bugungi nihoyatda muhim vazifa. Biror davlatda izchil ishlab chiqilgan reja, dastur yo’q, deydi olim. Bor bo’lsa ham, rahbariyat ularni oshkor etmayapti. Dunyo tajribasidan o’rganish kerak albatta, deydi u, lekin Sovet Ittifoqida suv qanday taqsimlangani xususida ozgina o’ylab ko’rilsa ham zarar qilmaydi. Tizim u paytda irrigatsiya hududlariga bo’lingan. Mintaqaga suv halokatini keltirgan, Orolni quritgan aynan Sovet tuzumi deyishadi. Lekin bu olim nazarida o’sha davrda kanal va suv omborlariga umumiy boylik sifatida qaralgani aholini mojarolardan asragan. Oqimning yuqorisidan suv kelsa, quyidan neft va gaz borgan.
Chet ellik olim mintaqada suv bilan bog’liq murakkab vaziyatni qayerdan biladi deb ensangiz qotishi mumkin. Vegerik buni tan oladi. Ammo, deydi u, Do’stlik (Keles), Katta Namangan va Katta Farg’ona - Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikiston chegaralari osha oqadi. Ularni umumiy boylik deb tan olmaslik va suvni bo’lishish borasida bir yoqadan bosh chiqarmaslik katta xato.
Kai Vegerik va u singari suv masalasini o’rgangan yana bir olim, Yoxannes Linn fikricha, masala yechimi mintaqa rahbarlarining zimmasida. Xalqaro hamjamiyat bu borada hech narsa qila olmaydi, deydi Linn. Jahon banki hamda boshqa xalqaro tashkilot va jamg’armalar yillar davomida bu soha uchun millionlab dollar mablag’ ajratdi, turli loyihalar amalga oshirildi. Lekin mintaqadagi umumiy manzara o’zgarmadi. Suv taqsimoti yuzasidan regional yakdillik yo’q.
Aholi soni va qishloq xo’jaligi hajmi jihatidan birinchi o’rinda turadigan O’zbekiston mintaqada eng ko’p suv talab qiladigan davlat. BMTga ko’ra, Turkmaniston ikkinchi o’rinda. Keyingi o’rinlarda Tojikiston, Qirg’iziston va Qozog’iston.
AQSh Tinchlik institutidan olima Katlin Kuenast (Kathleen Kuehnast) mentalitet va milliy mafkurada gap ko’p deydi. Mustaqillikning ikki o’n yilligi mintaqa davlatlari uchun milliylikni shakllantirish bilan o’tdi va bu siyosat hamon davom etmoqda. Mustaqil davlat sifatida tan olinish, o’zbeklik, qozoqlik, qirg’izlik, tojiklik va turkmanlik nima ekanini izohlash va bu g’oyalarni xalq ongiga singdirishni rahbarlar asosiy o’ringa qo’ydi, deya tahlil qiladi Kuenast. Ichki va tashqi siyosat ham shundan kelib chiqqan holda olib borildi. Urg’u kelishish va murosaga emas, kim-kimdan ustun ekanini isbotlashga va shu asnoda milliy g’ururga berildi. Natijada, deydi olima, boshqa sohalar singari qishloq xo’jaligi va suv tizimi aziyat chekdi.
Kuenast korrupsiya, chegara osha noqonuniy bizneslar, jinoiy ko’rinishdagi to’dalar faoliyati va ularning salbiy ta’siri haqida gapiradi. Suv talashish chegaralardagi kundalik muammo, deya kuzatadi u. Mahalliy hokimiyatlardan to’ygan aholi markazdan ham yordam kutmaydi. Muammoni o’zi uchun o’zi hal etishga urinadi. Bu esa boshqa muammolarga yetaklaydi. Struktura ishdan chiqqan va uni tuzatish ko’p hollarda faqat qog’ozda, deydi mintaqani kezib vaziyatni o’rgangan mutaxassis. Qonun va qoidalarga ishonch past, qolaversa ular tez-tez o’zgarib turadi.
Jorj Vashington Universitetida kechgan anjuman Qozog’iston elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etildi. Bu davlat vakillarining qayd etishicha, Ostona uchun mintaqaviy suv taqsimoti masalasi yuqori o’rinda. Qozog’iston Xitoy unga yaqin hududlarda yangi gidro-inshootlar rejalayotganidan ham tashvishda.