AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, poygaga iyul oyida mustaqil nomzod sifatida qo’shilgan taniqli repchi Kanye Vest birinchi saylovoldi videosini chiqardi.
Vest moda va media yulduzi Kim Kardashyanning turmush o’rtog’i bo’lib, u o’z saylov kampaniyasida, asosan, diniy mavzuga urg’u bermoqda.
Musiqachi bugungi videosida amerikaliklarni xudoga qaytishga chaqiradi. Uning internetdagi saylov sahifasida 10 punktdan iborat dasturi chop etilgan. Vest politsiya va adliya tizimini isloh qilishni, talabalar qarzini qisqartirishni, atrof-muhit muhofazasiga e’tiborni kuchaytirishni taklif qiladi.
Vest barcha shtatlarda o’z nomzodini saylov byulleteniga tushirishga muvaffaq bo’la olmadi. Shu sabab, u tarafdorlarini ovoz berayotganda byulletenga ismini qalam bilan yozib tushirishga chaqirmoqda.
O’tgan saylovda Trampni qo’llab-quvvatlagan Vest, kuzatuvchilar nazarida, demokratlardan nomzod Jo Baydendan ovozlarni olib qo’yishni ko’zlamoqda. Odatda demokratlarga ovoz beruvchi qora tanlilarning bir qismi irqdoshi Vestni qo’llab-quvvatlasa, bundan faqat Bayden zarar ko’radi.
Moda dizayni va prodyuserlik bilan ham shug’ullanuvchi musiqachining shaxsiy mulki bir milliard dollardan ko’p ekani aytiladi.
Facebook Forum