Breaking News

Texas G'arbiy Nil virusi bilan olishmoqda


Xavfli virus tarqatayotgan chivinlarni yo'q qilish uchun maxsus operatsiyalar avjida. Tropik iqlimda vujudga keladigan bu kasallik ilk bor Nil daryosining g'arbiy qirg'oqlarida aniqlangani uchun unga shunday nom berilgan. Shifokorlarning aytishicha, uning alomatlarini sezish juda qiyin. Inson va hayvon hayotiga birdek tahdid soladi.

Chivin chaqishidan kelib chiqadigan G’arbiy Nil virusi AQShning 43 shtatiga yoyilgani aytilmoqda. Virus kasallangan bemorlarning asab tizimiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Mamlakat bo’ylab hozirgacha G’arbiy Nil virusiga chalinganlar soni 700 dan oshgan bo’lib, bemorlarning 26 nafari hayotdan ko’z yumgan. Kasallanganlarning yarmi Texas shtatiga to’g’ri kelmoqda.

G'arbiy Nil virusiga qarshi kurash, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00
Yuklab oling

Shtatning uchinchi yirik shahri Dallas meri Maykl Rolings favqulodda holat e’lon qilishga majbur bo’ldi. U virus tarqalishining oldini olish uchun havodan samolyotlar orqali shahar uzra insektitsid sepishni buyurgan. Bunday profilaktika chorasi shtatda so’nggi 45 yilda ilk bor qo’llanilmoqda.

“Bu yerda gap inson hayoti haqida ketyapti. Bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozim”, - deydi mer Maykl Rolings.

Shu paytgacha dori ko’chalarda sepilayotgan edi. Kasallanish va o’lim darajasi oshib borayotgani bois shahar meri bu ishni havodan qilishni taklif etdi.

Virusga chalinganlardan biri Katarin Devill bu qarorni qo’llab-quvvatlaydi.

“Hech kimga bu kasallikni ravo ko’rmayman. Havodan dori sepish zarur bo’lsa, buni qilish kerak”, - deydi Devill.

Ayrimlar esa bu choraga qarshi. Dallasda 1700 kishi norozilik namoyishiga chiqib, havodan dori sepish uy hayvonlari, asalari va xonqizi kabi foydali hasharotlarga ziyon yetkazishini aytgan.

Entomologiya bo’yicha mutaxassis, Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Vilyam Reyzenning aytishicha, dori purkashning zarari yo’q. Dori sepish davomida, undan oldin va keyin kasalxonaga qabul qilingan bemorlar o’rganilganda, sezilarli o’zgarishlar kuzatilmagan, deydi u.

“Kasalxonaga murojaat etgan odamlarning nafas olish sistemasida buzilishi yoki boshqa muammo sezilmadi”, - deydi tadqiqotchi.

G’arbiy Nil virusi odamga kasallangan chivin chaqishi orqali o’tadi. Chivinlar esa virusni xasta qushlar qonini so’rish orqali yuqtirishi aniqlangan. Kasallangan insonlarning 80 foizida xastalik simptomlari umuman sezilmaydi. Har 150 bemorning faqat birida mushaklarning bo’shashi, ko’rishning zaiflashuvi, holsizlik kabi alomatlar yuz beradi.
Mutaxassislar fikriga ko’ra, kasallikni davolashning aniq vositasi mavjud emas. Ammo bemorning holati og’irlashsa, uni kasalxonaga yotqizish lozim bo’ladi.

Tadqiqotchi Reyzenning aytishicha, virusning tez tarqalayotganiga asosiy sabab Texasning bu yilgi quruq va issiq iqlimidir.

“Virus issiqda tez tarqaladi. Qancha issiq bo’lsa, virus uchun shuncha yaxshi. Yomg’ir bo’lmagan quruq havo chivinlarning ko’payishi uchun to’sqinlik qilsa ham, shaharlardagi cho’milish havzalarida, kanalizatsion sistemada ularni ko’plab topish mumkin. Ayniqsa, quruq ob-havoda ular shunday joylarga kelishadi. Shu tariqa virus tarqalishi uchun qulay muhit paydo bo’ladi”, - deydi Reyzen.

Kasallikni nazorat qilish va uning oldini olish markazi xodimi Layl Pitersonga ko’ra, boshqa shtatlarda vaziyatning qandayligi o’rganilmoqda. Bunday ahvol boshqa joylarda ham yuz berishi ehtimoldan xoli emas, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG