Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon Oziq-ovqat dasturi Tinchlik uchun Nobel mukofotining bu yilgi sovrindori bo’ldi. Tashkilot dunyoda qashshoqlik va ocharchilikka qarshi kurashi uchun bunday e’tiborga sazovor bo’ldi.
So’nggi kunlarda Nobel qo’mitasi ilm-fan bobidagi turli yo’nalishlarda sovrindorlarni e’lon qildi.
Bosh qarorgohi Rimda joylashgan Jahon Oziq-ovqat dasturiga ko’ra, tashkilot har yili 88 mamlakatda 97 million muhtojga yordam beradi. Biroq dunyodagi har 9 odamdan biri hanuz to’yib ovqat yemaydi.
“Jahon Oziq-ovqat dasturi ochlikka qarshi kurashayotgan va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga harakat qilayotgan dunyodagi eng yirik gumanitar tashkilotdir. Oxirgi yillarda vaziyat yomonlashdi. 2019-yilda 135 million odam ochlikdan qiynaldi. So’nggi yillardagi eng katta ko’rsatkich bu. Bunga, asosan, urushlar va qurolli mojarolar sabab bo’ldi”, - dedi Norvegiyada asoslangan Nobel qo’mitasi raisasi Berit Reys-Andersen.
Unga ko’ra, ayniqsa COVID-19 davrida tashkilot jahon ahli uchun yanada ahamiyatlidir. Sovrin 1,1 million dollardan iborat bo’lib, 10-dekabr kuni Oslodagi maxsus marosimda topshiriladi.
Facebook Forum