Prezident Donald Trampning qistovi bilan Qo’shma Shtatlar boshqa davlatlar bilan savdo kelishuvlarini qayta ko’rib chiqmoqda. AQSh import qilingan po’lat va alyuminiyga tariflarni oshirdi. Bunga javoban ko’plab hukumatlar, jumladan Xitoy Amerika mahsulotlariga 25 foizlik tarif joriy etdi.
Pol Xletko spirtli ichimliklar ishlab chiqaradi.
“Ikkinchi jahon urushidan oldin Chexiyada bobom pivo zavodini yuritgan”,- deydi u.
Natsistlar Yevropani bosib olgach, Xletkoning yahudiy bobosi zavodi va oilasidanayrilgan.
“Butun oilani konsentratsion lagerlarda o’ldirishgan, lekin bobom tirik qolgan. U butun umr biznesini tiklashga harakat qilgan. U olamdan o’tgach, men o’zim oilamiz merosini tiklashga kirishdim va shu zavodni ochdim”, - deydi Xletko.
“Few Spirits” zavodi Illinoys shtati, Evanston shahrida joylashgan. Ammo Xletkoning biznesi pivo emas. Mahsulotga AQShda ham, xorijda ham talab bor.
“35 mamlakatda, 45 shtatda viski sotamiz. Ayniqsa Britaniyada markamizni yaxshi bilishadi”, - deydi u.
Hozir uning e’tibori Xitoyda. “AQShning Xitoyga spirtli ichimliklar eksporti 2000 foizga oshgan. Katta raqam!”, - deydi tadbirkor.
Bu raqam yaqin orada keskin pasayib ketishi mumkin. Bu gal savdo urushi Xletkoning oilaviy biznesiga xavf solmoqda. AQShning eng yaqin savdo sheriklari, jumladan Xitoy, Meksika, Kanada va Yevropa qator mahsulotlarga boj solmoqda.
“25 foiz tarif qo’yamiz deyishyapti. Bizning mahsulotlar shundoq ham arzon emas. Qo’shimcha tarif bilan viski yanada qimmatlashadi”, - deydi Xletko.
Iqtisodchi Fil Flinn fikricha, xorijiy hukumatlar tariflarni oshirsa ham burbon viskisiga uncha ta’sir qilmaydi, xususan Xitoyda.
“Bu mahsulotlarga taqiq qo’yilayotgani yo’q, shunchaki narxi ozgina oshadi. Umuman olganda, xorijdan keltirilgan sifatli mahsulotlarga xaridorlar baribir qimmatroq to’laydi”, - deydi u.
Tadbirkorning aytishicha, tariflar daromadga va Xitoyga sotiladigan mahsulot hajmiga ta’sir qiladi.
“Hozir Xitoyga yiliga 150 ming dollarlik viski sotayotgan bo’lsak, bu raqam 5-10 mingga tushishi mumkin”.
AQShda ish o’rinlari ham qisqaradi. Xorij hukumatlari joriy etayotgan tariflardan Tennessi va Kentukki singari viski ishlab chiqaruvchi va Trampga ovoz bergan shtatlar zarar ko'radi.
“Eksport - odamlarni ish bilan ta’minlash degani. Don yetishtirish, uni tashish, qadoqlash… Xitoyga mahsulot sotishdan hammamiz foyda ko’ramiz. Biznes davom etishi kerak”, - deydi Xletko.
Biznes kengayib bormasa, deydi Xletko, zavod yuzlashayogan hozirgi yuz minglab dollar zarar kelajakda millionlab dollar yo’qotilgan daromadga aylanadi. Chunki xorijiy iste’molchilar qimmat ichimlikdan yuz o’girishi mumkin.
Facebook Forum