Breaking News

Bayden 40 mamlakat rahbari bilan iqlim o'zgarishini muhokama qiladi


AQSh Prezidenti Jo Bayden 22-aprel – Yer kuni munosabati bilan 40 mamlakat rahbarlarini iqlim o’zgarishi bo’yicha virtual anjumanga taklif etdi. Sobiq prezident Donald Tramp Amerikani iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimidan chiqardi, Bayden esa prezidentligining birinchi kunidayoq Tramp qarorini bekor qildi.

Xalqaro hayot – 20-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:27 0:00

Virtual sammit orqali Bayden ma’muriyati AQShning iqlim o’zgarishiga qarshi siyosati 180 darajaga burilganini namoyish etmoqchi.

"Amerika xalqaro sahnaga qaytib, iqlim o’zgarishini jiddiy qabul qilayotganini ko’rsatishi uchun yaxshi imkoniyat bu”, - deydi Jahon resurslari institutidan Deyvid Vaskov.

Vaqt o’tgani sari iqlim jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmoqda – o’rmon yong’inlari ko’paymoqda, qurg’oqchilik va bo’ronlar kuchliroq kechmoqda.

2015-yilda imzolangan Parij bitimi global haroratning oshishiga to’siq qo’yishga qaratilgan. Biroq ayrim mutaxassislar nazarida, Parij bitimi maqsadlaridan uzoqlashmoqda.

"Katta tahdid bilan yuzlashyapmiz. Harorat o’sishda, zararli gazlar atmosferaga chiqarilishda davom etmoqda. Ko’plar keyingi 10 yilni hal qiluvchi davr sifatida ko’rmoqda”, - deydi AQShdagi “G’amxo’r olimlar ittifoqi”dan Reychel Klitus.

So’nggi bir necha o’n yildan buyon zararli gazlar miqdori ko’paysa ko’paymoqdaki, ammo pasaygani yo’q. Ayrim mamlakatlar siyosati natijasida muammoga muammo qo’shilaveradi. Biroq Deyvid Vaskovning aytishicha, iqlim o’zgarishidan ko’rilayotgan eng katta zararning oldini olish uchun 2030-yilgacha gazlar chiqindisini salkam 50 foizga tushirish kerak bo’ladi.

"Agar hozirdan vaziyatga tuzatish kiritilmasa, 2030-yildan keyin qo’yilgan maqsadga erishish o’ta qiyin bo’ladi”, - deydi Vaskov.

Faollar Bayden ma’muriyatidan Amerikada 2030-yilgacha chiqindilarni atmosferaga chiqarishni 50 foizga kamaytirishni e’lon qilishni talab etmoqda. Oq uy shu hafta bo’ladigan sammitdan oldin qarorini bildirmoqchi.

Bayden 2,3 trillion dollarlik infratuzilma islohoti paketi doirasida quyosh va shamoldan quvvat olishga ixtisoslashgan sanoatlar hamda elektrda yuruvchu avtomobillar uchun quvvat stansiyalarini qurish orqali iqlim o’zgarishiga qarshi kurashmoqchi. Bu loyihalar ish o’rinlarini saqlab qolishga yordam beradi.

"Amerikalik ishchilar rejasi” iqlim o’zgarishi muammosini amerikalikar uchun ish o’rinlarini yaratish va amerikacha aql-zakovatni ishga solish bilan hal qilishga yetaklovchi o’zgaruvchan rivojlanishga olib keladi”, - deydi Bayden.

Reja amalga oshishi uchun uni Kongress qo’llab-quvvatlashi kerak, ammo respublikachilar tashabbusga jiddiy qarshilik bildiryapti.

"Bu hukumatning Amerika soliq to’lovchilari hisobiga haddan ziyod kengayishidir. Bunday soliqlar iqtisodiyotga zarar bo’ladi, ishsizlikka yetaklaydi”, - deydi respublikachi senator Jon Zun.

AQSh zararli gazlar chiqindisini Bayden xohlaganidek tushiradimi, yo’qmi, hozircha ma’lum emas va bu holat Amerikaning dunyodagi mavqeini zaiflashtiradi.

Atmosferani ifloslantiruvchi yana ikki yetakchi davlat Xitoy va Hindiston bo’lib, ko’plar ularning noyabrda Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo’ladigan yirik BMT anjumanidan oldin iqlim o’zgarishiga doir rejalarini bilishga oshiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG