Bayden ma’muriyati AQSh janubiy chegarasida to’planib turgan 12 mingdan ziyod gaitilik migrantni vataniga ommaviy ravishda deportatsiya qilmoqda. Ba’zilar Oq uyning bu siyosatini tanqid qilmoqda.
Bu gaitiliklarning omadi bor ekan. Ular AQShda qolish imkoniga ega bo’ldi. Hozircha vaqtincha. Texasning Del Rio shahridagi chegarada to’planib turgan ko’plab boshqa vatandoshlari esa yurtiga qaytarilmoqda. Migrantlar bilan shug’ullanuvchi advokatlarning aytishicha, zaif deb topilganlari qoldirilyapti.
“Piyoda yurishga majbur bo’ldik, qir-adirlardan, daryodan o’tdik, oson bo’lmadi, ammo xudoga shukr, shu yerdamiz”, - deydi ulardan biri.
Mishelin Batiste uch yil Chilida yashab, ko’chada narsa sotish bilan tirikchilik qildi. Vatandoshlarining AQShga ketayotganini eshitib, ularga qo’shildi.
Yana bir gaitilik Marianj Verna esa Braziliyadan yo’lga chiqib, ikki oy deganda AQShga keldi. Meksikani AQShga ulovchi Akuna-Del Rio ko’prigi ostida o’tgan so’nggi 6 kun qiyin bo’ldi, deydi u.
“Uch kunda bir bo’lak non bilan kichik shishada suv ichdim”, - deydi u.
Gerlin Jozef gaitilik migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot rahbari.
“Ayollar ko’prik ostida tug’yapti. Vaziyat ayanchli. Ona sifatida, ayol sfatida, gaitilik sifatida, amerikalik sifatida, qora tanli ayol sifatida ko’rayotganlarimni qabul qila olmayman”, - deydi u.
Huquq faollari Bayden ma’muriyatining sobiq prezident Donald Tramp paytida qabul qilingan 42-raqamli farmonga ko’ra ish tutayotganini kamsitish deb atamoqda. Ushbu qoida COVID-19 sharoitida migrantlar to’planishining oldini olish uchun ularni deportatsiya qilishga imkon beradi.
“Farmon AQSh hukumatiga bu odamlarning dardini tinglamasdan chiqarib yuborish huquqini beradi”, - deydi immigratsiya masalalari bo’yicha advokat Jozef Makandal Shampan.
Bayden ma’muriyati federal sudyaning 42-raqamli farmondan bolali oilalarni chiqarib yuborishda foydalanishini taqiqlovchi qarori ustidan shikoyat qildi. Sudya qarorni bajarishga ikki hafta muhlat berdi.
“Biz migrantlarga 42-raqamli farmonni ishga solishimizni aytib hozir kelmang deyapmiz. Gap faqat amerikaliklarni virusdan himoya qilishda emas, balki ommaviy ravishda kelayotgan migrantlarning o’zini ham”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Ba’zilar nazarida, Tramp farmoni hammaga nisbatan birday qo’llanilmayapti. Vanderbilt universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Karla Makkandersning aytishicha, venesuelalik ayrim migrantlarga siyosiy boshpana uchun suhbatdan o’tishga ruxsat berilgan.
“Odamlar nega gaitiliklarga bunday imkoniyat berilmayotganiga hayron”, - deydi Makkanders.
Chegara patruli agentlarining otda o’tirgan suratlari tanqidlarga sabab bo’ldi. Bayden ma’muriyati vakili bu ish to’g’ri emasligini va surishtirilishini bildirdi. Gerlin Jozef AQSh tarixidagi irqchilikka ishora qilarkan, bunday tasvirlar ayniqsa og’riqli ekanini aytadi.
“Ot minib chegarada qora tanli odamlarni ushlashga harakat qilish irqiy tenglikka ziddir”, - deydi mutaxassis.
Oz sonli odamlar AQShda qolganini nishonlayotgan bir paytda ko’plab vatandoshlari ortga qaytishga majbur.
Facebook Forum