Yaqinda Amerika afsonaviy ovoz sohibasi Uitni Xyustonni abadiyatga kuzatdi. 1980-yillar boshida jahon musiqa sahnasiga kirib kelgan xushovoz xonanda kutilmaganda olamdan o’tdi. 48 yoshda edi. Uning jasadi 11-fevral kuni Los-Anjelesdagi mehmonxonadan topildi. O’lim sababi aniq emas.
1980-90 yillarda Uitni Xyuston global super yulduz, pop musiqa malikasi edi. Gollivudning 1992-yilda chiqqan “Tansoqchi” filmi bilan Uitni Xyuston kinoaktrisa degan maqomga ham sazovor bo’lgan edi.
G’arb musiqa olamining eng oliy mukofoti “Gremmi” ga olti bor munosib topilgan. Uitni Xyuston yangi avlodga ilhom bergan. Meraya Keri, Toni Brekston, Beyonse, Jennifer Xadson, Kristina Agilera, Britni Spirs singari qo’shiqchilar o’z ijodida aynan Uitni Xyustondan o’rnak olgan.Briyan Mur, Janubiy Kaliforniya Universiteti talabasi, qo’shiqchi va bastakor. Uitni Xyustonni tinglab, shunday orzu bilan katta bo’lgan. Uning siymosiga sig’inadi.
“Uitni Xyustonni tinglab ulg'ayganman. Ota-onam ham doim uni eshitar edi. Biz uning shaydosimiz”,- deydi Briyan.
Lara Jonston, qo’shiqchi, Uitni Xyuston o’ziga xos ovozi va ashulalari bilan yangi bir janrga asos solgan deydi.
“Uning ovozi kuchli bir vosita edi. Bu ohang qayerdan kelayapti deya hayratlanar edingiz. Maftunkor edi har jihatdan. Juda yoqimli bir shaxs edi. Kuylash san’ati juda boy edi. Mo’jiza edi u”,- deydi Lara.
Lilliana de los Rayes ham Uitni Xyustondek xonanda bo’lish niyatida. Orzuga ayb yo’q, deydi u.
“Ovoz… Ohang… Pichirlab ham kuylay olar edi, hayqirib ham… Hamma ham buni eplay olmaydi. Ovozni ko’tarib-tushirish kuchli iste’dod talab qiladi. Shu meni lol qoldirardi”.Lekin Uitni Xyustonga faqat iste’dodning o’zi yetmadi. Tanildi, super yulduz bo’ldi, ammo shon-shuhratni eplay olmadi. Giyohvandlikka, xususan afyun va kokainga mukkasidan ketdi. Aynan nimadan o’lgani ma’lum emas, ammo xonanda narkotiklar changalida edi.
Piter Baron - Uitni Xyustonni katta sahnaga olib chiqqan prodyuser Klayv Deyvisning hamkori. Xyustonning kliplarini ishlagan.
“Uitni Xyuston musiqa olamiga kirib kelganida, uning shaydosiga aylanmagan odamni topa olmas edingiz. Buyuk iste’dod sohibasi edi, shuningdek, juda muloyim, kamtarin va noyob bir inson edi”,- deydi Baron.
Mashhurlik, yulduz bo’lish - ruhan va ma’nan kuchli bosim, mas’uliyat, deydi Kris Sempson, pop musiqa professori.“Mashhurlik supasidan tushmaslik uchun, shon-shuhratni saqlab qolish uchun bu yulduzlar nimalarga qo’l urmaydi deysiz. Mana shu bosim ularni ko’p hollarda egri yo’llarga boshlaydi. O’ziga ishonmaslik, qo’rqinch… Yoshlar alamni qoradoridan oladi ba’zida”,- deydi Sempson.
Ammo Uitni Xyuston ovozi va qo’shiqlari bilan esda qoladi, deydi uning safdoshlari.
“Uningdek qo’shiqchi bo’lmagan, bo’lmaydi ham”,- deydi u bilan ishlagan Piter Baron.
Yetishib kelayotgan yosh avlod orasida Uitni Xyuston bo’shatgan shohsupani egallayman deb yurganlar talaygina.