Breaking News

JSST vaksinani teng taqsimlashga chaqirmoqda


Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning aytishicha, koronavirusga qarshi vaksinaning dunyo bo’ylab teng taqsimlanmasligi yirik ma’naviy muvaffaqiyatsizlikka yetaklaydi.

"Daromadi yuqori bo’lgan 49 ta mamlakatda vaksinaning 39 milliontadan ziyod dozasi berildi. Eng kam daromadli bir mamlakatda esa atigi 25 ta doza. 25 millionta emas, 25 mingta emas, 25 ta”, - dedi Gebreyesus.

Tashkilot boshqaruv kengashining Jenevada o’tgan yillik majlisida so’zlagan rahbarga ko’ra, boy mamlakatlarda yosh va sog’lom odamlarning qashshoq davlatlardagi qariyalardan oldin emlanishi to’g’ri emas.

“Bunday egoistik yondashuv dunyoning eng qashshoq va zaif insonlarini xavf ostiga qo’yibgina qolmay, umumiy maqsadga qarshi hamdir. Oxir-oqibatda bu pandemiyaning, azoblarimizning, cheklovlarning cho’zilishiga olib keladi”, - dedi Gebreyesus.

Dunyo bo’ylab 97 milliondan ziyod odamda koronavirus aniqlangan bo’lsa, 2 milliondan ortig’i nobud bo’lgan. AQSh, Hindiston, Braziliya, Rossiya va Britaniya bu borada peshqadam.

Ayrim mamlakatlarda emlash dasturi dekabrdan beri o’tkazilmoqda, biroq Afrika qit’asida vaksinatsiya yana bir necha hafta, hatto bir necha oydan so’ng boshlanishi mumkin.

Nigeriyalik shifokor Oluvajoba Orogening aytishicha, uning mamlakatida virusga chalinayotganlar kun-sayin oshib bormoqda, shifokorlar holdan toygan.

“Vaksina bo’lmasa, virus tarqalishda davom etaveradi. Bu esa bizning ishimizni og’irlashtiradi, ruhan asabiylashtiradi, resurslarni quritadi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG