Breaking News

JSST rahbari koronavirus kuchayishi haqida ogohlantirmoqda


Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti mamlakatlar birgalikda koronavirusga qarshi kurashmasa, pandemiya yanada kuchayishi haqida ogohlantirmoqda.

Xalqaro hayot – 16-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:03 0:00

“Ko’p davlatlar bu borada noto’g’ri siyosat yuritmoqda”, - deydi tashkilot rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus.

Uning aytishicha, epidemiyani jilovlashda ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqish, kasal bo’lganda uyda o’tirish kabi asosiy choralarga rioya qilinmas ekan, ahvol yaxshi bo’lmaydi.

“Yomonlashib, yomonlashib ketaveradi”, - deydi Gebreyesus.

O’tgan yakshanba kuni olingan ma’lumotlarga qaraganda, bir sutkada dunyo bo’ylab 230 mingdan ortiq odam virusga uchragan – shu kungacha eng yuqori ko’rsatkich.

Jahonda kasallanganlarning 80 foizi 10 mamlakatdan, yangi kasallanganlarning yarmidan ko’pi AQSh va Braziliya hissasiga to’g’ri keladi.

“Erishilgan muvaffaqiyatlar boy berilmoqda. Ish bergan choralar qo’llanmayapti, ularga amal qilinmayapti. Janubiy va Shimoliy Amerika, Janubiy Osiyo, Afrikaning bir necha mamlakatida bunga guvohmiz”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori.

Afrika qit’asida Janubiy Afrika peshqadam. Bu mamlakatda 311 mingdan ziyod odam virus yuqtirgan, o’lganlar 4500 ga yaqinlashmoqda.

Kasalxonalar koronavirus bemorlariga to’larkan, davlat rahbari Siril Ramafosa xalqqa murojaat qildi.

“Kuniga 12 ming odam virus yuqtiryapti. Ya’ni har bir soatda 500 ta yangi holat”, - dedi u.

Ramafosa ayrim cheklovlarni qayta joriy etdi, masalan, alkogol bilan bog’liq jarohatlar tufayli kasalxonalarga murojaatlarni kamaytirish maqsadida spirtli ichimliklar savdosini man qildi, tungi komendant soati joriy etildi, jamoat joylarida niqob taqish majburiy bo’ldi.

AQShning ayrim shtatlari ochilish rejasidan voz kechmoqda. Kaliforniyada gubernator Gavin Nyusom shtat bo’ylab barlarni yopishni buyurdi, restoranlarda ichkarida ovqatlanishni taqiqladi, virus keng tarqalayotgan tumanlarda fitnes markazlar, cherkovlar va go’zallik salonlarini yopishga farmon berdi.

“Shtatda kasalxonalar bemorlarga to’lishda davom etmoqda. Ijobiy test natijalari ko’paymoqda”, - deydi gubernator.

Go’zallik saloni egasi Billi Trenning aytishicha, so’nggi qaror ko’plab kichik biznes egalariga salbiy ta’sir qiladi.

“Ijarani to’lay olmasak, ko’chmas mulk egalari ham zarar ko’radi. Daromad bo’lmasa, oilalarimizga qiyin bo’ladi”, - dedi u.

Masalaning iqtisodiy tomonini Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti rahbari ham tilga oldi.

“Vaziyatni barqaror ravishda ushlab turishga harakat qilish kerak. Insonlar hayotini butunlay to’xtatmasdan, karantindan karantinga sakramasdan virusni rasoli choralar bilan nazoratga olish zarur”, - dedi u.

Choralar har bir mamlakatda turlicha bo’lib har xil natija bermoqda – salbiy yoki ijobiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG