Oq Uyning bildirishicha, AQSh diplomatiyasi bilan bog’liq minglab maxfiy hujjatlarning Internetda oshkor etilgani bu davlat tashqi siyosati va global maqsadlarga ta’sir qilmaydi.
Bu ma’lumotlar dunyo bo’ylab katta xavotir va norozilik uyg’otmoqda.
Gap 250 mingdan oshiq konfidensial, o’ta ichki xarakterga ega yozma ma’lumotlar haqida ketmoqda.
Oq Uy “WikiLeaks” fosh etgan bu hujjatlar yuzasidan jahonning turli poytaxtlarida yangrayotgan munosabatga javob berishni Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklagan.
Prezident Barak Obama nima uchun bu borada fikr bildirmayapti degan savolga Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs shunday javob beradi:
“Prezident nazarida maxfiy hujjatlarning keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi qonunlarga zid va AQSh tashqi siyosatini amalga oshirish bilan mashg’ul minglab insonlar hayotini xavf ostida qo’yadi”.
Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqagi ittifoqdosh davlatlar Amerika nahotki bu nozik hujjatlar xavfsizligini ta’minlay olmagan deb so’ramoqda. Orada ishonch pasayishi tabiiy, deydi diplomatlar.
Lekin, deydi Oq Uy matbuot kotibi, bu davlatlar va ularning siyosatchilari Amerika diplomatiyasi nimaga qodir ekanini biladi.
“Ular o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda ham biz bilan hamkorlik qiladi”, - deydi AQSh rasmiylari.
“Bunday murakkab holatlardan tegishli saboq olamiz”,- deydi Oq Uy matbuot kotibi.
Internetda chop etilgan hujjatlar orasida Eron xususidagi xalqaro fikr almashinuvlar ko’p uchraydi. Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla Qo’shma Shtatlarni Eronga qarshi urush ochishga undaganini o’qiysiz.
Oq Uy rasmiylarining tushuntirishicha, davlatlar Amerikadan o’z qarash va xavotirlarini yashirmaydi.
Eronning yadroviy maqsadlari unga yaqin joylashgan ko’plab mamlakatlarda tashvish uyg’otib kelmoqda, deydi Robert Gibbs.
Hujjatlarda Isroilning tashvishlari ham aks etgan. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu ularni ochiq tan olib, Eron yirik xavf ekani hammaga ma’lum deydi.
“WikiLeaks” bu maxfiy hujjatlarni kimdan va qanday qilib olgani yuzasidan tergov boshlangan.
AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, qonunni buzgan shaxslar albatta topiladi va jazoga tortiladi.
“Kerak bo’lsa, mavjud qonunlarni kuchaytiramiz. Bu jinoyatni xalqaro miqyosda izchil tekshirib chiqamiz”, - deydi Xolder.
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligida maxfiy ma’lumotlar muhofazasi kuchaytirilgan.
Ularni kim ko’rib, kim yoza olishi va bu ma’lumotlar qanday uzatilishi, amaldagi kompyuter tizimlari va programmalar boshdan oyoq yangilanadi, deydi polkovnik Deyvid Lapan, vazirlik so’zlovchisi.
Rasmiylarning bu boradagi malakasi oshiriladi, ular qo’shimcha kurslardan o’tishi kerak bo’ladi.
“WikiLeaks” diplomatik hujjatlardan oldin ikki bor Pentagon faoliyatiga tegishli ma’lumotlarni, xususan Iroq va Afg’onistondagi urush va ular bilan bog’liq razvedka to’planmalarini fosh etgan edi.
Bu hujjatlarni uzatganlikda ayblanib, bir harbiy hibsga olingan. Lekin Pentagon bu jinoyatda yana bir necha odamning qo’li bor deya gumon qilmoqda.
AQSh hukumati “WikiLeaks” saytidan qo’lidagi barcha hujjatlarni qaytarib berishni talab qilmoqda. Bu oshkoralik deb bahona qilmay, deydi rasmiylar, maxfiy ma’lumotlarni fosh etish global tinchlikka raxna solishini tushunish kerak.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton “WikiLeaks” saytini qoralab, javobgarlarni sudga tortish kerak deydi.
“Biz Davlat departamentida xavfsizlik choralarini qayta ko’rib chiqib, muammolarni hal qilamiz, albatta. Lekin diplomatik hujjatlar fosh etilishiga toqat qilmaymiz”,- deydi u.
Bugun Markaziy Osiyo safarini boshlagan Xillari Klinton turli davlatlarning rahbarlari bilan bog’lanib, internetda chop etilgan ma’lumotlar ichki fikr almashinuv, diplomatik kuzatuv va mulohazalar ekanini eslatmoqda.
250 mingdan ziyod bu hujjatlarning Markaziy Osiyo bilan bog’liq qismlari ham bor. Ularda asosan Amerika diplomatlarining mintaqa rasmiylari bilan uchrashuvlari va xulosalari o’rin olgan.
“WikiLeaks” hujjatlar uning qo’liga qanday qilib tushganini bayon etmayapti. Sayt asoschisi va rahbari Julian Assanj asli avstraliyalik va uzoq yillar xakerlik qilgan, ya’ni turli kompyuter tizimlarini yorib kirish yo’llarini biladi.
Julian Assanj Shvetsiyada ikki ayolni zo’rlaganlikda ayblanib, qidiruvga berilgan. Bu ishga Interpol ham jalb qilingan.
“Bu tergovning “WikiLeaks”ga aloqasi yo’q”, - deydi Julian Assanj, “Biz bor haqiqatni oshkor qilishga bel bog’laganmiz”. Uning fikricha, oddiy odamlar siyosiy qarorlar ortida kim va qanday maqsadlar turganini bilishga haqli.
AQSh hukumati boshlagan tergov aynan “WikiLeaks” va uning uning rahbarini nishonga olayotgan bo’lsa ajabmas, lekin Adliya vaziri Erik Xolder hozircha bu borada hech narsa demayapti.