Breaking News

Birinchi qadamni tashlashdan qo’rqmang, deydi tadbirkor vatandosh


Shimoliy Karolina: Qurilish biznesini yuritayotgan vatandoshingiz
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:18 0:00

O’zbekistonda o’sib uylg’aygan Tamilla Azamova yaxshiroq hayot izlab Qo’shma Shtatlarga ko’chib o’tgan. Hozirda u Shimoliy Karolina shtatida o’z qurilish firmasiga ega. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Tamilla yangi vatanidagi tajribasi haqida bizga hikoya qilib berdi.

“Amerikaga oliy ma’lumot bilan, ingliz tili bilimi bilan kelganman. Xalqaro kompaniyalarda ham ish tajribam bor edi. Shunday ekan, Amerikada men uchun barcha eshiklar ochiq bo’ladi deb o’ylagandim. Chuqur adashgan ekanman. Til bilish va ish tajribasining o’zi yetmas ekan”, - deydi u.

Biznes boshqaruvi bo’yicha magistr diplomini olgach, Tamilla sog’liqni saqlash, ta’lim va hatto axborot texnologiyalari sohalarida ishga topshirdi. Ammo birgina qurilish kompaniyasi uni direktor yordamchisi sifatida qabul qildi.

Tamillaning professional faoliyati va qurilish sanoati bilan tanishuvi ana shu tariqa boshlangan.

“Tahlilga usta, o’z fikrini himoya qila oladi. Tezda qarorlar qabul qiladi. Ayrim hollarda bir kundan keyin, o’ylab mulohaza qilib, yechim bilan kelganiga ham guvoh bo’lganman. Nimaiki qilsa, muvaffaqiyatga erishadi”, - deydi Tamillaning hamkasbi Mayk Gifford.

Yillar o’tib, Tamilla turmush o’rtog’i Igor bilan qurilish firmasi ochishga qaror qilishadi.

“O’z biznesimizni ochishga qaror qilish oson bo’lmadi, chunki daromadsiz va ishsiz qolishdan qo’rqdik. O’sha paytda allaqachon bir farzandimiz bor edi. Bu albatta katta mas’uliyat. Lekin aydishadiku, ko’z qo’rqadi, qo’llar bajaradi. Biznes rejamizni batafsil ishlab chiqdik, qancha sarmoya qilishni belgiladik va ishni boshladik”, - deydi Tamilla.

“Xotinim biznes sherigim ekani menga juda ma’qul. Ishni bo’lishib olganmiz. U mijozlar bilan shug’ullanadi, men esa ishning texnik tomonlari bilan. Tamilla qurilishda anchadan beri ishlaydi, bu sohani yaxshi tushunadi.

Har kuni ertalab qizimni maktabga olib boraman. Xotinim o’z mashinasida birinchi ishiga boradi. Yirik qurilish kompaniyasida ishlaydi. Tushdan keyin esa u ofisga kelib, o’zimizning biznes bilan shug’ullanadi. Mening kunim qurilish obyektlarida o’tadi”, - deydi Tamillaning turmush o’rtog’i Igor Kukosh.

Igor to’qqiz yil davomida yuk mashinasi haydovchisi bo’lgan. Har ehtimolga qarshi mashinasini sotgani yo’q, ammo qurilish biznesiga to’liq o’tishni mo’ljallayapti.

“Kompaniyamiz pardozlash va obodonlashtirish ishlariga ixtisoslashgan. Aytgancha, Igor birinchi buyurtmani “YouTube”dagi video ko’rsatmalar asosida bajargan. Birinchi mijozimiz uchun kamin atrofiga g’isht terib bergan edi. Albatta, keyinroq professional darajaga o’tdik. Kompaniyamiz uch yildan beri faoliyat yuritadi. Yildan yilga ish hajmi ham oshib borayapti. Pandemiyaga qaramasdan 2020-yil biz uchun juda muhim va band yil bo’ldi. Hozir olti brigada bizga ishlaydi, shuningdek, to’rt kishi to’liq shtatda”, - deydi Tamilla.

Tatyana Polishuk - Tamillaning yaqin dugonalaridan biri:

“Bir paytning o’zida ham kuchli, ham nozik ayol ekani meni hayratda soladi. Oilasi, biznesi, do’stlari va boshqa ishlari – hammasiga qanday vaqt topadi, hayronman. Saranjom ayol. Men uchun o’rnak va boshqalarga ham. Unga qarab, men ham kichik biznes boshladim. Uyda buyurtmaga tort pishiraman”.

Joriy yilda er-xotin tadbirkorlar savdo hajmini oshirish, yangi ofis ochish va yana uch brigadani jalb qilishni rejalamoqda. Mijoz topish osonmi, deb so’raymiz ulardan.

“Mijozlarni topish oson emas, - deydi Tamilla. - Aynan shunga ancha vaqt sarflayman, maxsus saytlarda e’lonlar beraman. O’zimizning veb sahifa ham bor. Ijtimoiy tarmoqlarda pullik reklama beramiz. Eng unumlisi bu Feysbukdagi pullik reklamalar”.

“Hayotini o’zgartirmoqchi bo’lganlarga gapim: birinchi qadamni qo’yishdan qo’rqmang. Qiyinchiliklar bo’ladi, bundan cho’chimaslik kerak. Muhimi, ikkinchi va uchinchi qadamni ham tashlashdan qo’rqmang”, - deydi Tamilla.

Shunda muvaffaqiyat sizga ergashadi, deydi Shimoliy Karolinadagi tadbirkorlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG