Qo’shma Shtatlar va Yevropaning yirik shaharlarida ayollar tengsizlik, ijtimoiy muammolarga qarshi namoyish qilmoqda. Zamonamiz ayollarining ilk ommaviy namoyishi bir yil oldin o’tkazilgan edi. Pushti bosh kiyim kiygan xotin-qizlar Donald Trampning prezidentlikka saylanganiga, uning ayollar va ozchilikdagi guruhlarga nisbatan muomalasiga shu tariqa e’tiroz bildirishgan edi.
Yakshanba kuni Amerikaning Las-Vegas shahrida minglab ayollar ommaviy namoyishda qatnashdi. Tashkilotchilar xotin-qizlarni shu yil kuzida bo’ladigan Kongress saylovlarida faolroq ishtirok etishga chaqirdi.
“Ko’plab ayollar saylovchi sifatida ro’yxatga olingan, biroq ba’zilari boshqa joyga ko’chgani, manzilini almashtirgani uchun saylovda ovoz bera olmasligi mumkin. Bundan tashqari, Nevada shtatida iyun oyida bo’ladigan birlamchi saylovlarda ovoz berish uchun ular muayyan siyosiy partiya a’zosi bo’lishi zarur”, - deydi faol Emili Zamora.
Namoyishchilar ayollar va ozchilikdagi guruhlar huquqlari, arzon tibbiy sug’urta, immigratsion qonunlar bilan shug’ullanadigan nomzodlarni saylashga chaqirmoqda.
Las-Vegas namoyishida boshqa shtatlardan kelgan ayollar ham qatnashdi.
“Ko’plab do’stlarimni Meksikaga qaytarib yuborishdi. Qora tanli dugonalarimga munosabat yaxshimas. Donald Tramp bizga buni ravo ko’rdi”, - deydi Ogayo shtatidan kelgan ayol.
Amerikadagi aksariyat ayollarning fikricha, Tramp ularni hurmat qilmaydi. Amerikalik ayollarni o’tgan yilgi namoyishlarda qo’llab-quvvatlagan Yevropa ayollari bu yili ham ko’chaga chiqdi.
“Teng maosh uchun ham kurashyapmiz. Ko’p ayollar ish joylaridagi bunday ijtimoiy tengsizlik sabab ishdan ketishga majbur”, - deydi londonlik bu namoyishchi.
Vashingtonlik Aleks Gonsalesning aytishicha, namoyishlar natija bermoqda.
“O’tgan yilgi namoyishlardan so’ng turli lavozimlar uchun saylovlarda qatnashishga qaror qilgan ayollar soni oshdi, ko’pi g’alaba qozondi. Odatda respublikachilarga ovoz beradigan Alabama shtati shundan keyin demokratlarni qo’llab-quvvatladi”, - deydi namoyishchi.
O’tgan oy AQSh Senatida bo’sh turgan joy uchun o’tkazilgan saylovlarda demokrat nomzod g’alaba qozondi. Respublikachi nomzod ayollar, yoshlar va qora tanlilar ovozlarini ololmay, mag’lub bo’ldi.
Facebook Forum