Qo’shma Shtatlarda biznes boshlayotgan ayollar soni erkaklardan bir yarim baravar ko'p. Ular erkaklar boshqaruvidagi raqobatli bizneslar taktikasini qo'llagandan ko'ra, hamkorlik yo'lini tutsa, ko'proq muvaffaqiyat qozonadi, deydi ayol ishbilarmonlarga ko'mak beruvchi mutaxassislar.
Jahon iqtisodiyot forumi tashkilotiga ko'ra, bunday samarali tadbirkorlikni yo’lga qo’yish erkak va ayollar o’rtasidagi iqtisodiy tafovutni kamaytirishga hissa qo'shadi. Ayni damda Amerika bizneslarining uchdan bir qismini ayollar boshqaryapti va bu ko’rsatkich o’sishi kutilmoqda.
Noan’anaviy kompaniyalarda ishlovchi odamlar soni oshib borar ekan, ular uchun tinch ish joyi va vaqtinchalik bola bog'chalari topish ham qiyinlashmoqda.
Tadbirkor Nikol Dash bu muammolarni imkoniyat sifatida ko'radi. U mijozlari bilan uchrashayotgan yoki ishlayotgan ota-onalar uchun “O’yna, ishla yoki chiz” degan bog’cha ochdi.
“Kerak paytda sifatli qarov, ularga mos paytni yaratib bera olamiz. Bundayini boshqa joydan topolmaysiz”, - deydi tadbirkor Nikol Dash.
Nikolning fikricha, ayollar biznes boshqarish bilan oila o’rtasida muvozanat qidirib, mustaqil bo’lishga va albatta, pul topishga urinyapti.
“Tadbirkorlikni qoyillatayotgan ayollar” kitobi muallifi Seyj Levinning aytishicha, ayollar kuniga 1200 yangi kompaniya ochyapti va yiliga 1,4 trillion dollar pul aylantiryapti. Muallif Skayp orqali muloqotda ayollarning ishbilarmonligi aynan Amerika madaniyati bilan bog’liqligini aytdi.
"Raqobatdan ko’ra hamkorlik, dolzarblikdan ko’ra saxiylik, buyruq berib boshqargandan ko’ra qo’llab-quvvatlashga e'tibor qaratilganda, bunday bizneslar gullab-yashnaydi. Bu ko'plab erkaklar uchun ham to'g'ri”, - deydi muallif.
Kichik biznes ma’muriyatidan Brus Purdining fikricha, qonunlarning o’zgarishi tadbirkor ayollarga keng yo’l ochdi. Ular endi eri, aka-ukasi yoki otasiga qaram emas. O’z layoqatiga qarab kredit qarzlarini olishi mumkin. Bu iqtisodda ham katta o’zgarishlar yasadi.
"1970-yilda Amerikada atigi besh foiz, hozir esa 35 foiz bizneslarni ayollar ochib, boshqaryapti",- deydi Brus Purdi.
Uning fikricha, ayollar turli jabhalarni, ayniqsa, bog’cha, maktab, shifokorlar qabulxonasi kabi xizmat ko’rsatish sohalarni qamrab olar ekan, bu ko’rsatkich yana ham ortadi.
Masalan, Nikolning kompaniyasi nafaqadagi o’qituvchi Kirsten Xovardga ham ma’qul. Chunki shu orqali u bo'sh vaqtida boshqa murabbiylarga saboq berish imkoniyatini topmoqda.
Facebook Forum