Breaking News

Jahon banki O’zbekistonga ikki yirik loyiha uchun qariyb yarim milliard dollar ajratmoqda


Huquq tashkilotlari e'tiroziga qaramay, O’zbekistonda majburiy mehnat keng qo'llanadigan qishloq xo’jaligi uchun pul ajratildi.

Rivojlanayotgan davlatlarga quyi foizda uzoq muddatli kredit beradigan Jahon banki O’zbekistonda ikki yirik loyiha – qishloq xo’jaligi va Qoraqalpog’istonda suv ta’minoti uchun 410 million dollar ajratadi.

Loyihalar qashshoqlikka qarshi kurash va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi, deyiladi tashkilot bayonotida. Mablag’, xususan, yaxshi va sifatli hosil olish, infratuzilmani ta’mirdan chiqarish, iqtisodiy raqobatga chidamli qilishga yordam berishi aytiladi.

Jahon banki, ayniqsa, Andijon, Jizzax, Farg’ona, Qashqadaryo, Qoraqalpog’iston, Namangan, Samarqand va Toshketda yo’qsil dehqonlarni qo’llab-quvvatlash orqali kambag’allikka qarshi kurashmoqchi. Loyiha ko’proq ish o’rinlari yaratish uchun lozim, deydi tashkilotning Markaziy Osiyo bo’yicha rasmiysi Saroj Kumar Ja.

Bundan tashqari, bank Qoraqalpog’iston janubida sug’orish tizimini isloh qilishga mablag’ ajratayapti. Maqsad Amudaryodan o’tuvchi, eski va ko’pxarj irrigatsiya sistemasidan foydalanishni bas qilib, o’rniga Tuyamuyun rezervuarini ishga solish. Shunda suvdan tejabroq foydalaniladi va xarajatlar keskin kamayadi, deb hisoblaydi Jahon banki mutaxassislari.

Xalqaro huquq tashkilotlari, jumladan, Human Rights Watch nazarida Jahon banki bolalar majburiy mehnatini keng qo’llaydigan, odamlarni qulday ishlatadigan O’zbekistonda qishloq xo’jaligiga moliya bermasligi kerak edi. Avval hukumat bolalar majburiy mehnatiga qarshi qat’iy choralar ko’rayotganini isbotlashi lozim. Taraqqiyotni qo’llab-quvvatlash muhim, lekin odamlar do’q-po’pisa bilan, og’ir sharoitda ekspluatatsiya qilinadigan davlatni emas, deydi huquq himoyachilari.

Paxta kampaniyasi nomli koalitsiya ham Jahon bankini pul ajratmaslikka undagan edi. O’tgan yili O’zbekistonda paxta terimiga milliondan ziyod odam, jumladan, talabalar, davlat ishchilari, shifokorlar, pensionerlar, o’qituvchilar safarbar qilingan; ular qarshilik qilsa ishdan-o’qishdan haydalasan, deb qo’rqitilgan va nihoyatda og’ir sharoitda ishlagan, deydi huquq faollari.

Ushbu da’vatlar natijasida Jahon banki o’z qaroriga alohida band kiritgan. Unga ko’ra, yordam loyihalarida majburiy mehnat hollari aniqlansa, O’zbekistonga madad darhol to’xtatiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG