Breaking News

Jahon Banki Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo'yicha hisobot chop etdi


Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyodagi mamlakatlar iqtisodiyoti bo’yicha tayyorlagan hisobotida aytilishicha, 2019-yilda iqtisodiy o’sish ushbu mintaqada sekinlashib, 1,8 foizni tashkil etgan. Ayniqsa ekonomikasi yirik bo’lgan Rossiya va Turkiyada o’sish sekinlashgan, Markaziy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazda esa aksincha o’sish kuzatilgan.

Iqtisodiy o’sishning mintaqaviy sekinlashishiga global iqtisodiyotning sekinlashishi sabab qilib ko’rsatilmoqda. Vaziyatni yaxshilash uchun ishlab chiqarish va sarmoyalarni oshirish kerakligi tavsiya qilinadi.

Jahon Banki hisobotida aytilishicha, tilga olingan muammoga Yevropa va Markaziy Osiyoda demografik vaziyatning yomonlashayotgani, xususan, aholining ishga qobil qatlamining kichrayayotgani ham sabab sifatida ko’rilmoqda.

Jahon Bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha bosh iqtisodchisi Asli Demirguch-Kuntning aytishicha, migratsiya aslida mintaqada farovonlikka hissa qo’shishi mumkin, chunki mehnat muhojirlari odatda ishlashga qodir yoshda bo’lib, ishchi kuchi soni va samaradorlikning oshishiga yetaklaydi.

Hisobot hukumatlarga ishchi migrantlar uchun kasb-hunarga o’rgatuvchi, malaka oshiruvchi dasturlar yaratishni, yoshlar uchun ta’lim tizimlarini yaxshilashni tavsiya qiladi. Biroq shu bilan birga, migratsiya migrantlar kelib chiqqan mamlakatlarning malakali kadrlarni yo’qotishiga sabab bo’lishi ham aytiladi va buning oldini olish uchun bu davlatlarda boshqaruvni yaxshilash, emigratsiyaga yetaklovchi muammolarga uzoq-muddatli yechim topish, xususiy sektorni kuchaytirib, ish o’rinlarini yaratish, oliy ta’limga sarmoyani oshirish, ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni ko’paytirish kerakligi aytiladi.

O’zbekiston

Jahon Banki hisobotida mintaqaning har bir mamlakatidagi iqtisodiy ahvolga nazar tashlanadi. Xususan, O’zbekistonda 2019-yilning birinchi choragida infratuzilma va sanoat uchun sarmoyalarning oshishi natijasida iqtisodiy o’sish jadallashgani aytiladi. Hujjatga ko’ra, iqtisodiy o’sishning barqarorligi va pul o’tkazmalari hisobiga qashshoqlik darajasi oz miqdorda tushishi mumkin.

Hisobotda O’zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy yilning dastlabki olti oyida 4,9 foizdan 5,8 foizga o’sgani, sanoatlar, qishloq xo’jaligi, xizmatlar sohalarida tez o’sish qayd etilgani, narxlarning oshishi sekinlashib, pul o’tkazmalari ko’paygani hisobiga xususiy iste’mol miqdori oshgani aytiladi.

Davlat korxonalarining xorijdan katta miqdorda xarid qilishi hamda infratuzilma, sanoat, uy-joy sohalaridagi yangi sarmoya loyihalari uchun tovarlarning chetdan keltirilgani hisobiga 2019-yilning birinchi yarmida import hajmi o’tgan yilgi davrga nisbatan 32 foizga oshgan, eksportdan tushgan daromad esa oltin (savdo o’tgan yilga qaraganda 35% ga o’sgan), oziq-ovqat (36% ga), tabiiy gaz (33% ga) va paxta (33% ga) savdosi hisobiga 27 foizni tashkil etgan.

Jahon Banki hisobotiga ko’ra, O’zbekistonda ishsizlik darajasi hukumat ma’lumotiga ko’ra yilning birinchi yarmida 9,1 foiz atrofida bo’lib, o’tgan yilning shu davriga qaraganda 0,2 foizga qisqargan.

Tashkilot yalpi ichki mahsulot 2019-2020-yillarda 5,6 foiz atrofida bo’lishini, 2021-yilda esa olti foizga chiqishini bashorat qilmoqda. Bu raqamlar global iqtisodiy jarayonlar ta’siri ostida o’zgarishi mumkin, biroq O’zbekiston tashqi qarzining kamligi va xorijiy valyuta zaxiralarining yetarli darajada g’amlangani salbiy ta’sirning jiddiy bo’lmasligini ta’minlaydi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG