Breaking News

2018-yil dunyo matbuoti uchun xavotirli davr bo'ldi


Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi hamda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti matbuot erkinligi dunyo bo’ylab tahdid ostida ekani haqida bong urmoqda. Har ikki guruh 2018-yilda o’ldirilgan, o’g’irlangan, hibsga olingan jurnalistlar ko’payganini ta’kidlamoqda.

Xalqaro hayot - 24-dekabr, 2018-yil - 2018-yil dunyo matbuoti uchun xavotirli davr bo'ldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00

Aprel oyida Afg’onistonda o’zini jurnalist deb tanishtirgan bir odamning xudkush harakatlari natijasida 26 kishi, jumladan to’qqiz nafar muxbir nobud bo’ldi. Soxta jurnalistning “Islomiy davlat” jangarisi ekani ma’lum bo’ldi.

Iyun oyida esa Amerikaning Merilend shtatida mahalliy gazeta tahririyatida otishma yuz berib, nashrning besh xodimi otib o’ldirildi.

Oktabr oyida “Vashington Post” gazetasi muxbiri Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik idorasida qotillik qurboni bo’ldi.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi tashkilotlar muxbirlarga qarshi tajovuz kuchayganini ma’lum qilmoqda.

“Hatto demokratik jamiyatlarda ham, mojaroga yuz tutmagan mamlakatlarda ham muxbirlar tahdidlarga uchramoqda”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotidan Margo Even.

Guruh hisobiga ko’ra, 2018-yilda dunyo bo’ylab kamida 63 professional jurnalist o’ldirilgan. Eng ko’pi Afg’oniston, Suriya va Meksikada. Muxbirlarga bosim oshgan, ta’qiblar, qamoqqa olishlar ko’paygan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, yil davomida qamalgan jurnalistlarning yarmidan ko’pi Xitoy, Turkiya va Misr qamoqxonalarida o’tiribdi.

Masalan, Myanmada “Reyter” axborot agentligining ikki muxbiri yetti yilga qamaldi.

“Bu jurnalistlar urush jinoyatini fosh etishga muvaffaq bo’ldi. Politsiya ularni tuzoqqa tushirib, birovlarning hujjatini o’g’irlaganlikda aybladi, so’ng sud emas, tomosha bo’ldi va ularni qamoqqa tashlashdi. O’z mamlakatida o’z hukumatini tanqid qilayotgan jurnalistlarning boshi baloga kiryapti”, - deydi qo’mita xodimi Robert Maxoni.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ayrim jurnalistlarni soxta xabar tarqatayotganlikda ayblab keladi.

“Soxta xabarlar zo’ravonliklarga sabab bo’lmoqda”, - deydi u.

Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, Amerika prezidentining matbuotga qarshi chiqishlari boshqa mamlakatlar rahbarlariga jurnalistlarga hujum qilishga bahona bo’lmoqda.

“Tramp jurnalistlarni soxta xabar tarqatayotganlikda, ishini to’g’ri bajarmayotganlikda aybladi. Tramp o’zini xalq deb, unga qarshi bo’lgan, uni tanqid qilayotgan jurnalistlarni xalq dushmanlari deb atamoqda”, - deydi “Amerika matbuot institutidan Tom Rozenstil.

Amerikada matbuotga ishonch rekord darajada tushgan. Bu dunyo bo’ylab matbuot erkinligining susayayotganidan dalolat. Biroq ijobiy o’zgarishlar ham bor.

Masalan, yangi Bosh vazir Abiy Ahmad rahbarligida demokratik islohotlarni boshdan kechirayotgan Efiopiyada so’nggi 14 yilda ilk bor birorta jurnalist qamalmagan.

“Ekvador, Janubiy Koreya, Gambiya kabi mamlakatlarda ahvol ancha yaxshilangan”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti vakili.

Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi bu ikki tashkilotga ko’ra, dunyo muxbirlar uchun borgan sari xavfli hududga aylanmoqda, bundan keyin faoliyatini yuritishi ancha qiyinlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG