Breaking News

AQShdagi namoyishlar dunyoda irqchilikka doir muhokamalarga turtki berdi


Sidneyda tub aborigen xalqi vakillarining o'ldirilishiga qarshi namoyishlar
Sidneyda tub aborigen xalqi vakillarining o'ldirilishiga qarshi namoyishlar

25-may kuni AQShda Jorj Floyd ismli qora tanlining politsiya qo’lidan jon berishi ketidan dunyo bo’ylab norozilik namoyishlari boshlandi. So’nggi ikki yildan beri Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi qonunchilarning “Twitter”dagi faoliyatini kuzatib borayotgan Amerikaning “Pyu” izlanish markaziga ko’ra, Floydning o’limidan keyin qonunchilar ham irqiy va ijtimoiy muammolarni ko’tardi.

“Jorj Floydning o’limigacha internetda “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati haqida ko’p muhokama bo’lmagan. Ammo hozir ijtimoiy sahifalar foydalanuvchilarining salkam yarmi mana shu mavzularni ko’tara boshladi”, - deydi markaz tadqiqotchisi Ket Devlin.

AQShda hali ham davom etayotgan namoyishlar boshqa mamlakatlarda irqiy muammolarni muhokama qilishga turtki berdi.

“Avstraliyadagi qonunchilarning 69 foizi Jorj Floyd yoki “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati haqida gapirish bilan birga o’z mamlakatidagi tub aholi turmush tarzini ham muhokama qila boshladi. Yangi Zelandiyada ham shunday ahvol kuzatilmoqda”, - deydi Devlin.

“Twitter”dan foydalanayotgan britaniyalik qonunchilarning salkam uchdan ikki qismi Jorj Floyd yoki qora tanlilar harakati haqida tvitlar tarqatib, namoyishchilarni qo’llab-quvvatladi, Britaniyada ham irqiy tengsizlik muammosiga diqqat qaratdi.

“Amerikadagi namoyishlarni qo’llab-quvvatlab ko’chaga chiqqan britaniyalik namoyishchilar, nazarimda, aslida AQShdagi muammolarga qayg’urmagan, balki Britaniyaning o’zidagi tizimli irqchilikka diqqat qaratmoqchi bo’lgan”, - deydi huquqshunos Shola Mos-Shogbamimu.

“Pyu” markaziga ko’ra, “Twitter”dagi britaniyalik qonunchilarning deyarli uchdan biri AQSh Prezidenti Donald Trampning namoyishlarga munosabatini tanqid qiluvchi tvitlar tarqatgan, 20 foizi va ayniqsa o’ng qanot qarashlarga ega deputatlar namoyishchilar harakatiga norozilik bildirgan.

Qonunchilarning ba’zilari namoyishchilarning koronavirus pandemiyasi paytida to’planganini tanqid qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG