AQSh Davlat departamentining diniy erkinlik bo'yicha yillik hisobotiga ko'ra, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyoning ayrim hududlarida terrorchi guruhlar kuchayib, ozchilik diniy elatlarni nishonga olmoqda. Markaziy Osiyoda ham vijdon erkinligi bo'yicha vaziyat hanuz og'ir.
Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha Davlat departamenti chiqargan 17-yillik hisobotda dunyoning uchta hududida diniy mutaassiblik va dushmanlik siyosiy, iqtisodiy va etnik muammolarga hamda zo'ravonliklarga sabab bo'layotgani qayd etiladi.
Ayniqsa, Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" guruhi qo'l urayotgan jinoyatlarga alohida e'tibor berilgan.
Hisobotni e'lon qilgan Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, ba'zi hukumatlar ekstremist guruhlar bahonasida o'z fuqarolarining diniy erkinliklarini cheklashga urinmoqda.
"Terrorchilarning ishiga qarshi bo'lganimizdek, shu jinoyatlarni sabab qilib, nozo'ravon va qonuniy diniy faoliyatlarni taqiqlovchi hukumatlar bilan ham kelisha olmaymiz. Terrorist va ekstremist so'zlarini o'z manfaatlari yo'lida qo'llayotganlar bizni alday olmaydi. Diniy qarashlarni sun'iy yo'l bilan belgilab berish muvozanatni o'rnatish yo'li emas, balki norozilik va qo'zg'olonga yetaklaydigan holat", - dedi Kerri.
Kerriga ko'ra, mutaassiblik barcha qit'a va davlatlarda mavjud. Har bir inson diniy erkinlik tamoyiliga sodiqligini izhor qilishi kerak, deydi u.
Kerri bilan birga hisobotni ommaga taqdim etgan xalqaro diniy erkinlik bo'yicha AQSh elchisi Deyvid Sapersteynning aytishicha, bu borada ozchilik diniy elatlar ko'proq himoyaga muhtoj.
"E'tiqodi haqida gapirishga qo'rqadigan, o'limga yuzlashib yashayotgan va yashirin joylarda ibodat qilayotgan odamlarga ko'proq huquq va erkinlik berilishi kerak. Ular xudoni o'zlari xohlagandek yaxshi ko'rgani yoki uning mavjudligini savol ostiga olgani uchun o'lim va tazyiqlardan uylarini tashlab ketmoqda", - deydi u.
Hisobotda Iroq, Suriya, Nigeriya va Pokistonda terrorchi guruhlar qo'lida diniy ozchilik bo'lgan mazhablar tazyiqlarga duchor bo'layotgani tashvish bilan tilga olinadi. Fransiya va Germaniyada anti-semitizm kayfiyati kuchaygan; Myanmada esa Rohinja musulmonlari buddistlar qo'lida azob-uqubat chekmoqda.
Dunyoning ko'plab avtoritar rejimlarida ham terrorizmga qarshi kurash choralari doirasida oddiy dindorlarning haq-huquqlari poymol etilmoqda. Bunday o'lkalarda diniy dargohlar to'liq davlat nazorati ostida, musulmonlar hukumat belgilab bergan chegaradan tashqarida mustaqil va erkin ibodat qila olmaydi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham hukumatlar zo'ravonlikka qarshi kurash shiori ostida tinch diniy faoliyatlarni cheklashda davom etmoqda. O'zbekistonda har qanday mustaqil diniy guruhga osonlikcha ekstremist tamg'asi yopishtiriladi. Zo'ravonlik yoki ekstremizmga aloqasi bo'lmagan ko'plab musulmonlar qamoqqa tashlangan. "Hizb ut-Tahrir" guruhining O'zbekistondagi yetakchisi sifatida ayblangan Abdurahim To'xtasinov yaqinda hibsxonada vafot etgan.
Tojikistonda ham xavfsizlik kuchlari turli diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblangan shaxslarni hibsga olishda va qiynoqlarga tutishda davom etmoqda. 18-avgust kuni Farhor tumanida Salafiylik oqimiga aloqadorlikda ayblanib besh kishi qamaldi. Masjidlarda boshqalardan farqli namoz o'qish va Hanafiy mazhabi qoidalariga rioya qilmaslik taqiqlangan diniy oqimga aloqadorlikda ayblash uchun asos bo'lgan.
AQSh hukumati, har doimgidek, bu davlatlarni diniy erkinlik huquqini himoya qilishga va fuqarolariga e'tiqodi bois zug'um qilmaslikka chaqiradi.