Breaking News

Kurashchilar Olimpiya o'yinlari dasturida qolishga harakat qilmoqda


Erkin kurash
Erkin kurash
Rossiya Kurash federatsiyasi Xalqaro Olimpiya qo’mitasidan sportning kurash turini olimpiya dasturida qoldirishni so’rashi kutilmoqda. Xalqaro qo’mita 2020-yilgi yozgi o’yinlardan so’ng kurashning olimpiya dasturidan chiqarilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan.

Rossiya Kurash federatsiyasi prezidenti Mixail Mamiashvilining aytishicha, dunyo bo’ylab kurash muxlislari qo’mita rejasiga norozilik bildirib, uni bu qarordan qaytarmoqchi. Kurash 1896-yilgi ilk Olimpiya o’yinlaridan beri musobaqarladan o’rin olib keladi.

Mamiashvili Olimpiya va Yevropa chempioni. Uning aytishicha, kurash Olimpiya o’yinlaridan chiqarilsa, bu sport tarixi, yutuqlari va merosidan asar ham qolmaydi.

Xalqaro Olimpiya qo’mitasi nazarida kurash moddiy foyda keltirmay qo’ygan, uni yangi muhitga moslab, televideniye uchun jozibador qilish kerak, aks holda dasturdan chiqariladi.

Xalqaro kurash federatsiyasi shu oy boshida Moskvada majlis qilib, yunon-rim hamda erkin kurash qoidalarini yangilashga kelishib olgan. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi talablarini bajardik, deydi Mixail Mamiashvili.

"Kurash o’zgarmoqda, sportchilarimiz zamonaviy talablarga javob berishni, Olimpiya harakati yo’nalishi bilan hamqadam bo’lishni istaydi", - deydi u.

Payshanba kuni Xalqaro Olimpiya qo’mitasi Sankt-Peterburgda uchrashib, masalani muhokama qiladi. Sentabrda esa Buenos-Ayresdagi majlisida yakuniy qaror chiqaradi.
XS
SM
MD
LG