Breaking News

AQSh Vakillar palatasi yangi spikerni saylash harakatida


AQShda ish boshlagan yangi Kongress Vakillar palatasida spikerni tanlash jarayoni cho’zilib ketdi. Respublikachilar noyabr oyidagi oraliq saylovda g’alaba qozonib, son jihatdan ustunlikka erishgan bo’lsa-da, partiyaning palatadagi 20 ga yaqin konservativ a’zosi yangi spikerga ovoz berishda partiyadoshi Kevin Makkartini qo’llab-quvvatlamadi.

Xalqaro hayot - 4-yanvar, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:17 0:00

Spikerlikka nomzod kamida 218 ta ovoz olishi kerak. Seshanba kuni saylov bir necha soat ichida uch marta o’tkazilgan bo’lsa-da, respublikachilardan nomzod yetarlicha ovoz to’play olmadi – so’nggi 100 yilda ilk shunday holat.

“Spikerlikka nomzod Vashington siyosatida tartib yo’qligini tan oladi. Ammo partiya rahbariyatida 14 yildan oshiq vaqt ishlagan bu odam vaziyatni o’zgartirish uchun deyarli hech narsa qilmadi”, - dedi Makkartiga qarshi ovoz bergan respublikachi qonunchilardan biri Skot Perri.

Palata raisi AQSh siyosatida muhim lavozim bo’lib, mamlakat prezidenti va vitse-prezidenti o’z vazifalarini bajara olmagan taqdirda Oq uy boshqaruvi uning qo’liga o’tadi.

57 yashar Makkarti Kaliforniyadan bo’lib, 3-yanvargacha respublikachilarning Vakillar palatasidagi sardori edi. Sobiq prezident Donald Tramp uning spikerlikka nomzodini qo’llab-quvvatlab, respublikachilarni hamjihatlikka chaqirdi.

Bugun partiya faollari boshqa nomzodlarni muhokama qilishi kutilmoqda. Respublikachilarning palatadagi yangi sardori Stiv Skalis ulardan biri.

Ertalabdan yana uch marta ovoz berish o'tkazildi. Makkarti yana saylana olmadi. Unga qarshi ovoz bergan konservativ partiyadoshlari bugun floridalik kongressmen Bayron Donaldsga ovoz berdi. Bundan bir kun oldin esa isyonchi qonunchilar ogayolik vakil Jim Jordan nomzodini qo'llab-quvvatladi. Konservativ qonunchilar Trampning bugun ham Makkartiga ovoz berish haqidagi da'vatini inkor etdi.

Palatada hozir 222 ta respublikachi va 212 ta demokrat vakil bor. Spikerlik saylovida ozchilikka aylangan demokratlar ham qatnashgan. Barchasi partiyaning palatadagi yangi sardori Hakim Jeffrisga ovoz berdi, biroq u ham 218 ta ovoz to’play olmadi.

Palataga spiker saylanmaguncha vakillar na qo’mitalar tuza oladi, na qonunchilik bilan shug’ullana oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG