Xitoy g’arbidagi Shinjon viloyatining Qaramay shahrida uzun soqol qo’ygan, hijob va niqob kiygan, islom dinini anglatuvchi yulduz va yarim oy tasvirlangan taqinchoq taqqan odamlarning bundan keyin avtobusga chiqishi man etiladi.
Shaharda e’lon qilingan yangi tartib ijrosini maxsus guruhlar nazorat qiladi. Qoidani buzganlar politsiyaga topshiriladi. Mahalliy matbuotga ko’ra, chora shaharda 20-avgustgacha bo’ladigan sport musobaqasi paytida xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Mahalliy uyg’ur aholisi yangi qoidadan norozi. Jahon uyg’urlari kongressi va Uyg’ur-Amerika uyushmasi kabi xorijdagi uyg’ur tashkilotlari bu chorani qoralab, shaharda vaziyatning taranglashishiga olib kelishini aytadi.
O’tgan dushanba Yorkent tumanida zo’ravonliklar kuzatilib, salkam 100 kishi o’lgan. Xavfsizlik kuchlari to’polonda uyg’urlarni ayblab, 59 nafarini otib o’ldirgan, 215 kishi hibsga olingan.