Yaman Mudofaa vazirligining bildirishicha, yirik terrorchi, AQShda tug’ilib o’sgan Anvar al-Avlakiy yo’q qilingan.
Yamanda o’rnashib olgan al-Qoida bilan hamkor al-Avlakiydan tashqari yana bir necha jangari o’ldirilgan.
Bugungi xurujni Qo’shma Shtatlar amalga oshirgani taxmin qilinadi.
Yaman va AQShda qora ro’yxatga tushgan al-Avlakiy 2009-yil, Rojdestvo arafasida AQSh samolyotini portlatishga uringan guruhga aloqadorlik, Texasning Fort Xud harbiy bazasidagi qatliomni rejalaganlikda gumon qilinadi. Uning o’limi terrorchilarga qarshi qaqshatqich zarba deya ko’rilmoqda.
Bu reyd Yaman siyosiy g’alayonni boshidan kechirayotgan pallaga to’g’ri keldi. Yil boshidan beri tinmayotgan qo’zg’olonga qaramasdan prezident Ali Abdulla Solih hokimiyatdan ketmoqchi emas.
Solihning aytishicha, u ketib, raqiblari general Ali Muxsin al-Axmar va davlatmand Hamid al-Axmar davlat tepasiga kelsa, Yamanda fuqarolik urushi boshlanadi.
Anvar al-Avlakiy odatda o'z tarafdorlariga internet orqali murojaat qilib turar, musulmonlarni Amerika va butun G'arbga qarshi oyoqqa turishga undab kelar edi. Al-Avalkiy Amerikada katta bo'lgan va Virjiniya shtatidagi bir masjidda imom bo'lgan.
1971-yilda Nyu-Meksiko shtatida tug'ilgan bu shaxs Kolorado Davlat Universiteti, San Diego Universiteti va poytaxtdagi Jorj Vashington Universitetini bitirgan.
Keyinchalik mamlakatni tark etib, al-Qoidaning Arab yarimorolidagi qo'mondonlaridan biri etib tayinlangan.